Kulolchilik – tuproqqa “jon ato etish” san’ati
Fransiya Oliy hunarmarmandchilik maktabi talabasi Emma Frelat Anna o‘z yurtiga bir olam taassurotlar bilan qaytmoqda.
Kulolchilik san’ati - milliy hunarmandchilikning eng muhim, shu bilan bir qatorda qadimiy tarmoqlaridan biri. Kulollar tomonidan yaratilgan sopol buyumlar go‘zalligi, bejirimligi bilan inson ko‘nglini shod qilsa, uy-ro‘zg‘or ishlarida ham keng foydalanish imkonini beradi.
bugungi kunda mamlakatimizda bu san’at turini rivojlantirish, kulolchilik an’analarini milliy iftixor ramzi sifatida har bir xonadon, mahalla hamda idora va tashkilotlarda keng targ‘ib qilish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada o‘zbek kulolchilik san’ati mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, boshqa mamlakat kulollari bilan hamkorlik ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi Fransiyaning A.S.I.E xalqaro jamg‘armasi bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan loyiha dasturi bo‘yicha Fransiya Oliy hunarmarmandchilik maktabining kulolchilik ixtisosi bo‘yicha V bosqich talabasi Emma Frelat Anna O‘zbekistondagi kulolchilik maktablari faoliyati bilan tanishdi va kasb mahoratini oshirdi.
Respublika "Hunarmand" uyushmasida tashkil etilgan amaliy san’at muzeyida fransiyalik talabaning O‘zbekistonga safari yakuniga bag‘ishlangan uchrashuv va ko‘rgazma tashkil etiladi.
Dastur rejasi bo‘yicha talaba ikki oy davomida Rishton va G‘ijduvon kulolchilik maktablarida bo‘lib, kulolchilik sirlarini o‘zlashtirishi ko‘zda tutilgan edi. Fransiyalik talaba Rishton va G‘ijduvon bilan birga Urgut va Xorazm kulolchilik maktablari bilan ham tanishdi.
Tadbirda "Hunarmand" uyushmasi vakillari, kulollar, hunarmandlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
[gallery-2184]
Amaliyotini aynan O‘zbekistonda o‘tashga qaror qilgan talaba ilk marotaba joriy yilning 29 fevral kuni Fransiyadan O‘zbekistonga kelgan. 1 martdan 29 martga qadar Farg‘ona viloyati Rishton tumanida barpo etilgan "Xalqaro kulochilik markazi"da kulol Baxtiyor Nazirov uy-mehmonxonasida yashab, kulolchilik sirlarini o‘rgandi.
- O‘zbek milliy hunarmandchiligining o‘ziga xos tarmog‘i bo‘lgan kulolchilik san’ati mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, dunyo hunarmandlari, usta kulollari bilan fikr, malaka almashishga qaratilgan ushbu loyihaning ilk qahramoni Emma Frelat Anna bo‘ldi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev. – Bu jarayon hali uzoq davom etadi. Dunyoning rivojlangan ko‘plab davlatlari bilan bu loyiha doirasida muzokaralar olib bormoqdamiz. Kelajakda o‘zbek hunarmandchilik vakillari ham boshqa mamlakatlarda malakalarini oshirib kelishi uchun imkoniyatlar yaratish yo‘lida izlanyapmiz.
Emma Frelat Anna 29 martdan 24 aprelgacha Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi Abdullo Narzullayevning kulolchilik ustaxonasida G‘ijduvon kulolchilik maktabi an’analari bilan tanishib, amaliy ish olib bordi.
- Emmadagi kulolchilikka bo‘lgan qiziqish meni hayron qoldirdi. Ayniqsa, charx bilan ishlash, sopol buyumlarga naqsh tushirish, bezak berishga mehr qo‘yib, qunt bilan o‘zlashtirdi. Hozirgi vaqtda o‘zi mustaqil sopol buyumlar yasash darajasiga yetdi. Kulolchilikning sir-asrorlarini o‘rgatganimdan juda xursandman, - deydi G‘ijduvon kulolchilik maktabi vakili, usta Abdullo Narzullayev.
A.Narzullayev tashabbusi bilan talaba Frelat Anna yurtimizning boshqa kulolchilik maktablari bilan ham tanishdi.
Dastur rejasi bo‘yicha talaba 2 oy davomida Rishton va G‘ijduvon kulolchilik maktablarida bo‘lib, kulolchilik sirlarini o‘zlashtirishi ko‘zda tutilgan bo‘lsada, Emma Urgut kulolchilik maktabi namoyandasi, mashhur Obloqulovlar sulolasi vakili usta Nӯ’mon Obloqulov, Xorazm viloyati Madir kulolchilik maktabi vakili, mashhur Matchonovlar sulolasi davomchisi Odilbek Matchonov ustaxonasida ham bo‘lib, Xorazm va Urgut kulolchilik maktablari bilan ham tanishdi. Yangiariqda Respublika Hunarmand uyushmasi tashabbusi bilan yangi ishga tushgan kulolchilik markazida usta kulol Bahodir Otajonov bilan suhbatlashdi.
Tadbirda Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan Fransiya Oliy hunarmarmandchilik maktabi talabasi Emma Frelat Annaga ushbu kursni muvaffaqiyatli tamomlaganligi haqida sertifikat topshirildi.
Fayzyollo Yahyoyev, Temur Madaminov (surat), O‘zA