Kuchaytirilgan nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda
Giyohvandlik hamda kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop va sintetik dori vositalarining aylanmasiga qarshi kurashish borasida Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizim xodimlari tomonidan joylarda kuchaytirilgan nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, Yuqori Chirchiq tumanida tungi xizmatga jalb qilingan patrul-post xizmati xodimlari va hududiy profilaktika inspektori tomonidan “Jumabozor” hududida shubhali ko‘ringan 2000-yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs (A.S. va S.J)lar tekshirilgan. Ularning yonidan 28 dona qizil polietilen paketda qadoqlangan tarkibida faol giyohvand modda bo‘lgan (ekspertiza xulosasi) sintetik vositalar borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilgan.

Holat yuzasidan Yuqori Chirchiq tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Chirchiq shahri hududidan o‘tgan kanal yoqasida o‘zini shubhali tutgan shaxs tungi xizmatga jalb qilingan shahar IIB patrul-post xizmati xodimlari e’tiborini tortadi. 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro G‘.M. xodimlar tomonidan to‘xtatib tekshirilganida, uning yonidan 21 dona sariq polietilen paketda qadoqlangan giyohvand moddasiga o‘xshash modda borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilgan.

Surishtiruv davomida u shahar Chinara hududiga 1 dona, hudud yaqindagi anhor bo‘yiga 3 dona xuddi shunday sariq polietilen paketga qadoqlangan sintetik moddalarni yashirgani va keyinroq ularni ijtimoiy tarmoqda (lokatsiya) orqali sotmoqchi bo‘lgani aniqlangan.

Hozir holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
A. Musayev,
O‘zA muxbiri