Kuba milliy terma jamoasi Buxoroda
14 sentyabrdan 6 oktyabrgacha ilk bor futzal bo‘yicha jahon chempionati O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Buxoro shahri nufuzli musobaqaning asosiy mezbonlaridan biri bo‘ladi. Mazkur musobaqani viloyat markazida barpo etilgan “Universal” sport majmuasida o‘tkazish rejalashtirilgan.
– Hozirgi vaqtda “Universal” sport majmuasi har tomonlama shay holga keltirilgan, – deydi viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Najmiddinov. Majmua jahon standartlari darajasida jihozlandi. Joriy yilning 14 sentyabrdan 6 oktyabrgacha O‘zbekistonda o‘tkaziladigan futzal bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazishga tayyor.
[gallery-19159]
Futzal bo‘yicha jahon chempionatining “B” va “F” guruh uchrashuvlarini o‘zida qabul qiladigan Buxoro shahriga bugun dastlabki terma jamoa yetib keldi. Kuba milliy terma jamoasi delegatsiyasi mahalliy tashkiliy qo‘mita vakillari tomonidan kutib olindi.
Ushbu majmua “B” (Braziliya, Kuba, Xorvatiya, Tailand) va “F” (Eron, Venesuela, Gvatemala, Fransiya) guruhi bahslariga mezbonlik qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.