Kovrak oʻgʻrilari qoʻlga olindi
Kovrak ziradoshlar oilasiga mansub oʻsimlik boʻlib, uning yer yuzida 170 dan ziyod turi mavjud.
Kovrak ziradoshlar oilasiga mansub oʻsimlik boʻlib, uning yer yuzida 170 dan ziyod turi mavjud. Oʻrta Osiyoda 110 dan ortiq, mamlakatimizda esa 50 turi uchraydi.
Smola-yelim olish uchun asosan 10 turi ishlatiladi. Bular sassiq kovrak, Koʻhiston kovragi va boshqa nomdagi kovraklardir. Bu turlar tashqi marfologik jihatdan bir-birlariga juda ham oʻxshab ketadi, ammo tabiatda sassiq kovrak (Ferula assa-foetida L.) keng tarqalgan boʻlib, yelim-smola asosan shu turdan olinadi.
Kovrak yelimi tabobatda baʼzi asab kasalliklarida talvasaga qarshi vosita tariqasida, shuningdek, gijja haydaydigan dori sifatida qadimdan ishlatib kelingan. Bronxial astma, sariq kasalligi, koʻk yoʻtal, sil, zaxmda foydalaniladi. Shuningdek, u diabetga qarshi, qon toʻxtatadigan, oʻt haydaydigan vosita sifatida buyuriladi. Xullas kovrak oʻsimligining xalq tabobatida ham zamonaviy tibbiyotda ham qoʻllaniladigan foydali jihatlari bisyor. Shunday boʻlgach tabiiyki uni izlovchilarning ham, shafqatsizlarcha kovlab olish ilinjida yuruvchilarning ham soni ortishi tayin.
Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha inspeksiyasi davlat inspektorlarining Dehqonobod tumani Tarqapchigʻay mahalla fuqarolar yigʻini Boʻztepa qishlogʻida yashovchi bir guruh fuqarolarning tabiiy holda oʻsuvchi kovrak oʻsimliklarini noqonuniy ravishda kavlashi va ularga Dehqonobod Davlat oʻrmon xoʻjaligi bilan shartnoma asosida kovrak ekish uchun olgan yerlari tortib olinganligi va boshqa holatlardan norozi boʻlib qilgan murojaati joyiga chiqib vakolat doirasida tegishlicha oʻrganildi.
Boshqarma tomonidan bizga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, oʻrganishlar davomida Boʻztepa qishlogʻining yuqori qismi togʻli oʻrmon bilan qoplangan oʻrmon xoʻjaligining Oqbosh oʻrmon boʻlimi 6-sarhadida fuqarolar Dehqonobod tumani “Bibiqorasoch” MFY, Qum qishloqda yashovchi I.Sh, “Boʻston” MFYda yashovchi A.Gʻ va Ayridevor MFYda yashovchi Yu.B.lar “Nargiz-Sarvar” xususiy korxonasi va “Iso Muhammad Nur” MCHJ tomonidan kovrak qaziyotgan shaxslarning buyumlariga qorovullik qilayotganini bildirgan.
Ammo “Qorovullar”ning oʻzi ishtirokida qazib olingan barglari kesib tashlangan kovrak oʻsimligi sanoqdan oʻtkazilganda 6 ming 202 tup Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Tojik kovrak oʻsimliklari ekanligi aniqlangan.
Fuqaro Sh.I avval ham noqonuniy ravishda kovrak shira smolasini olish bilan shugʻullanish oqibatlari toʻgʻrisida ogohlantirilgan boʻlishiga qaramay noqonuniy faoliyatni davom ettirib kelgan.
Oʻrganish davomida 5 ta qoʻlbola yasalgan kovrak qazish moslamasi hakop ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.
Bundan tashqari, ushbu hudud yaʼni oʻrmon xoʻjaligining Oqbosh oʻrmon boʻlimi 6-sarhadi mahalliy nomi “Choʻchqabuloq”, “Koʻkkam”, “Zogʻzali” massivlarida noqonuniy ravishda kesib, kovlab nobud qilingan Tojik kovrak oʻsimliklari sanoqdan oʻtkazilganda 7 ming 857 tup ekanligi aniqlangan.
Oʻrganish davomida Boʻztepa qishlogʻida yashovchi P.Xga Dehqonobod davlat oʻrmon xoʻjaligi bilan tuzilgan 28.12.2015-yildagi amal qilish muddati 28.12.2022-yilgacha boʻlgan shartnoma asosida kovrak ekib yetishtirayotgan yer maydonida Bibiqorasoch QFYda yashovchi fuqaro Gʻ.Y Rashid oʻgʻli noqonuniy ravishda kovrak oʻsimliklarini kesib shira smolasi olishga tayyorlayotganligi aniqlanib, 3000 tup Tojik kovrak qazib tashlanganligi holati tegishlicha hujjatlashtirilgan.
Oqbosh oʻrmon boʻlimi 6-sarhadi mahalliy nomi “Koʻkkam” massivida fuqaro Norpoʻlatov Abdumalik bilan oʻrmon xoʻjaligi oʻrtasida kovrak ekib yetishtirish boʻyicha shartnoma tuzilgan yer maydonida “Pinnacle Worldwide Exim” MCHJ tomonidan Tojik kovrak oʻsimliklari noqonuniy ravishda kovlab qazib tashlanganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan oʻtkazilgan nazorat reydlar davomida oʻzlarini “Nargiz-Sarvar” xususiy korxonasi va “Iso Muhammad Nur” MCHJ ishchisi yoki qorovullari deb tanishtirgan bir guruh shaxslarga takroriy ravishda ogohlantirilsada holat joyidan chiqib ketmagan.
Dehqonobod davlat oʻrmon xoʻjaligining Oqbosh oʻrmon boʻlimi jami yer maydoni 15 ming 728 boʻlib, 6- sarhad 3 ming 414 gektardan 1 ming 784 gektar yer maydoni kovrak ekib yetishtirish uchun Boʻztepa qishloq fuqarolari va boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida berilgan.
Oʻrmon xoʻjaligining oʻrmon bilan qoplangan yer maydonida noqonuniy ravishda kovrak shira smolasi olish faoliyati bilan shugʻullanayotgan bir guruh shaxslar bu harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50,55-moddalari, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi qonunlarda belgilab qoʻyilgan talablarni qoʻpol ravishda buzgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan tojik kovrak oʻsimliklarini noqonuniy ravishda, ruxsatnomasiz qazib nobud qilish oqibatida qonunbuzarlar 14 ming 59 tup noyob oʻsimlikni payhon qilgan.
Ushbu hatti-harakati bilan jinoyatchilar davlatga, tabiatga hammasi boʻlib 1 milliard 567 million 578 ming 500 soʻm zarar yetkazgan.
– Tabiatga qilingan bunday shafqatsizlikni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi, – deydi Boshqarma davlat inspektorlaridan biri Sherzod Salomov. –Dehqonobod tumani chegaraoldi hududi Dehqonobod davlat oʻrmon xoʻjaligining Oqbosh oʻrmon boʻlimidagi oʻrmon fondi yerlarida 100 dan oshiq fuqarolarning qonuniy tartibdagi shartnomasi asosida kovrak ekib yetishtirish uchun ajratib olgan yer maydonlarida tabiiy holda oʻsuvchi kovrak oʻsimliklarini shira smolasini olish bilan noqonuniy ravishda shugʻullanayotgan “Pinnacle World wide Exim” MCHJ “Nargiz-Sarvar” xususiy korxonasi va “Iso Muhammad Nur” MCHJ faoliyati bilan bogʻliq holatlarga prokuratura tartibida huquqiy baho berish lozim deb oʻylayman. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonuni 47,51-moddalariga asosan Davlat mulkiga 1567578500 (bir milliard besh yuz oltmish yetti million besh yuz yetmish sakkiz ming besh yuz) soʻmni qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat foydasiga undirib olish maqsadga muvofiq boʻladi.
Tabiatning bir boʻlagi boʻlgan oʻsimlik dunyosini qirilib ketishiga sababchi boʻlayotgan va oʻz manfaati yoʻlida hech narsadan toymaydigan bu kimsalar nahot qilayotgan ishlari kechirib boʻlmas jinoyat ekanligini anglab yetmasa. Masʼul tashkilotlar necha bora takror-takror ogohlantirishiga qaramay oʻzining qora niyatidan qaytmaydi. Eh inson, inson. Qilmishga yarasha jazo albatta tayin. Badali toʻlangach bu aybi ham kechirilar, ammo ularning bu qilmishlarini ona tabiat kechirarmikan...