Ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlashdi
Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi Sardobaliklar hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Prezident farmoniga muvofiq, Abdulla Qodiriy nomli fermer xo‘jaligi rahbari Asatulla Berdiqulov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, “Fayzliobod” mahallasida istiqomat qilayotgan yuz yoshdan oshgan nuroniy O‘rozali Normatov esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Yosh avlodning yutuqlari ham alohida e’tirofga loyiq. Jumladan, 2025 yil 23–24 iyun kunlari Vetnamning Vung Tau shahrida o‘smirlar o‘rtasida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sardobalik Mashhura Abdumusayeva kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tgan chempionatda tuman sport maktabi tarbiyalanuvchisi Madina G‘ofurova 54 kilogramm vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan tuman markaziy o‘yingohida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” ezgu g‘oyasi asosida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda yosh sportchilarning yutuqlari ham yana bir bor qayd etildi.
Tadbirda tuman hokimi Ziyodulla Karimov ishtirok etib, ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi hamda ijtimoiy-iqtisodiy va qishloq xo‘jaligi sohalarida erishilgan natijalar haqida so‘z yuritdi.
Prezidentmizning 2025 yil 6 martdagi qarori asosida tumanga ajratilgan 54 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 1 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi, 2 ta maktab va bir qator ijtimoiy ob’ektlar rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 16 kilometrlik ichki yo‘llar ta’mirlandi, nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun 1,5 kilometrlik piyodalar yo‘lagi qurildi. Mudofaa ishlari binosi yangidan barpo etildi. 286 o‘rinli “Qo‘shchinor” va 200 o‘rinli “Gulzor” madaniyat markazlari zamonaviy sharoitlarda foydalanishga topshirildi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida tumanda 217 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, 720 milliard so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarildi va 182 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Shu bilan birga, 44 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi va 1407 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Tuman hokim yordamchilari va tijorat banklari tomonidan 432 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 870 ta yangi ish o‘rni ochildi.
– Kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar asosida 609 ta oilaga 1068 ta xizmat ko‘rsatilib, 418 ta oila kambag‘allik reyestridan chiqarildi. G‘alla va paxta yetishtirishda ham yuqori natijalarga erishildi. Bu jarayonda tuman ahlining hissasi katta, – dedi tuman hokimi Ziyodulla Karimov.
Tadbirning badiiy qismida taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari, mahalliy ijodkorlar va jamoalar tomonidan kuy-qo‘shiq, raqslar ijro etildi va vatanni ulug‘lovchi she’rlar o‘qildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri