Kosonsoyga katta futbol qaytadi
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida bundan 38 yil avval asos solingan, millionlar o‘yini ixlosmandlarining olqishlariga sazovor bo‘lgan, turli davrlarda “Kosonsoychi”, “Kushon”, “Navbahor-2” nomlari bilan shuhrat qozongan futbol klubi qayta tashkil etiladi.
Bu haqida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov “Kosonsoy” markaziy o‘yingohida bo‘lib o‘tgan o‘rganishlar chog‘ida ma’lum qildi.

Yangi klub ixtiyoriga topshiriladigan stadionda mehmonxona, yuvinish xonalari, mashg‘ulot zallari kabi barcha zarur sharoitlar yaratib beriladi. Asosiysi, futbol maydoniga yangi chim bosilib, zamonaviy sug‘orish tizimlari bilan jihozlanadi.

Viloyat rahbari tashabbusi bilan o‘yingohni qayta mukammal ta’mirlash uchun joriy yilda mablag‘ ajratilib, “Kosonsoy” jamoasi qayta tiklanadigan bo‘ldi. Bu esa aholisi azaldan futbolga oshufta sanalgan kosonsoyliklar uchun chinakam tuhfa bo‘ladi.

Qolaversa, markaziy o‘yingoh negizida Bolalar-o‘smirlar sport maktabi tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bunday g‘amxo‘rlik va imkoniyatlar ertamiz egalarining sport bilan muntazam shug‘ullanishiga zamin hozirlashi asnosida katta futbol uchun munosib nomzodlar tanlash, tayyorlash, eng muhimi Kosonsoyda yana futbol dovrug‘ining yuksalishiga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA