Kosmosga qiziqish nega ortmoqda? (+video)
Keyingi o‘n yillikda insonlarning kosmosga bo‘lgan qiziqishi ancha kuchaydi. Bu qiziqish tufayli dunyo kosmik iqtisodiyoti 500 milliard dollarga yetdi. 2030 yilgacha bu ko‘rsatkich 1 trillion, 2040 yilgacha esa 2 trillionga yetishi taxmin qilinmoqda.
Shunday ekan rivojlanayotgan davlatlar kosmik iqtisodiyotda o‘z o‘rnini topishni boshladi. Ushbu jadal rivojlanayotgan texnologik progressda o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun O‘zbekistonda ham harakatlar boshlab yuborilgan.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tashkil etildi.
Bugungi kunda “O‘zbekkosmos” agentligi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirib kelmoqda.
Xususan, agentlik tashabbusi bilan O‘zbekistonda ilk marotaba joriy yilning 4-10 oktyabr kunlari “Butunjahon kosmos haftaligi” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Uning doirasida poytaxtimizda haftalikning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
— 1999 yil BMTning rezolyutsiyasi bilan 4-10 oktyabr kunlari “Butunjahon kosmik haftaligi” o‘tkaziladi. Bu sana 1957 yilda ilk marta “Sputnik-1” nomli sun’iy yo‘ldoshning kosmosga uchishi bilan bog‘liq. 1999 yildan boshlab butun dunyo davlatlari kosmosga qiziqishni boshlagan. Kosmosni rivojlantirish tarafdori bo‘lgan davlatlar haftalikni keng nishonlaydi. Mamlakatimizda “O‘zbekkosmos” agentligi tashkil etilishi bilan o‘z faoliyatini kosmik hamjamiyatga a’zo bo‘lishdan boshladi. Ushbu haftalik O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilmoqda. Asosiy maqsadimiz kosmosning insonga, dunyoga, texnologik rivojlantirishga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida odamlarga ma’lumotlar berishdan iborat, — deydi “O‘zbekkosmos” agentligi bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Ibragimov.
Haftalik doirasida kosmos sohasi tarixiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma o‘z ishini boshladi. Shuningdek, bolajonlar uchun turli interaktiv dasturlar va qiziqarli o‘yinlar tashkil etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Q0jTZfo0ctw" title="Kosmosga qiziqish nega ortmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, A.Sodiqov, A.Ahmedov (video), O‘zA