Kosmetologiya bo‘yicha hamshiralar tayyorlanmoqda
Ayol mehnat bilan band bo‘lsa, avvalo, oilasining ijtimoiy-iqtisodiy ta’minotiga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatga ham foydasi tegadi.
Shu bois xotin-qizlarni kasbga yo‘naltirish, ishga joylashtirish, faol mehnat qilishiga sharoit yaratib berish muhim vazifa. Ayollarning ijtimoiy-psixologik jihatdan barqarorligi, albatta, ularning bandligi orqali ta’minlanadi.
“Go‘zallik hokimiyati assotsiatsiyasi” nodavlat notijorat tashkiloti ham xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning iqtisodiy barqarorlikka erishishi uchun kasbga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi.
Tashkilot xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kosmetologlarning tibbiy kosmetologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi bilimlarini oshirish, profilaktika, tashxis va axborot bilan ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, kosmetologiyada faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan va ishlab turgan mutaxassislarga sohadagi yangiliklarni o‘quv kurslari orqali o‘rgatib boradi.
bugungi kunda xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanib bormoqda. Xususan, kosmetologiya ham. Sohadagi yangilik va o‘zgarishlar ilm-fanning rivojlanishi, ehtiyojlarning ortishi bilan bog‘liq. Kundalik hayotimizda turli parvarish vositalaridan foydalanamiz. Buni oddiy holdek qabul qilamiz. Ammo uning qay tartibda tayyorlanishi va buning uchun ham mutaxassislar anchagina izlanishlar olib borishi haqida o‘ylab o‘tirmaymiz.
Ayni paytda birgina kundalik parvarish vositasi bo‘lgan kremlarning o‘rniga zamonaviy mezoterapiya, davolash uchun botulinoterapiya, mezoip va filler kabi vositalar ishlatilmoqda. Aholining kosmetik vositalarga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib boryapti. Bu sohada malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni ham oshiryapti. Ayni sohada kadrlarning yetishmovchiligi yoxud to‘liq malakali mutaxassislar ishlamayotgani, sifatli xizmat ko‘rsatishda muammolar aniq va manzilli ishlar mavjud emasligining natijasidir.
“Go‘zallik hokimiyati assotsiatsiyasi” malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tibbiy malaka oshirish kurslarini tashkil qilib, kosmetologiya bo‘yicha kichik hamshiralarni tayyorlamoqda.
Har bir kasbning o‘z qonun-qoidasi, talablari, mas’uliyati bo‘ladi. Ayniqsa, u inson salomatligi bilan bog‘liq bo‘lsa, bu yanada e’tibor talab etadi. Shu bois o‘quv va malaka oshirish kurslarida qatnashgan har bir mutaxassis kasb kiyimi, mutaxassislik diplomi, ish faoliyatini boshlash yoki davom ettirish uchun guvohnoma, ko‘krak nishoniga ega bo‘ladi. U ishiga mas’uliyat bilan yondashish uchun qasamyod qabul ham qiladi.
Kosmetolog bo‘lish uchun oliy ma’lumotli bo‘lish kerakmi? Nega shifokorlar so‘nggi vaqtlarda kosmetologiya sohasida ishlashni ma’qul ko‘rmoqda?
– Kosmetolog bo‘lish uchun terining tuzilishi, dermatologiya, sanitariya asoslarini bilish kifoya, – deydi mazkur nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Nilufar Murodova. – Eng muhimi, kosmetologiyada davolash ishlarini to‘g‘ri anglab, bilib bajarishdir. Tibbiyot institutida 7 yil vaqt va kuch sarflab ko‘p bilimlar olinadi. Bunda inson ichki a’zolarini bilish, shunga mos, individual tarzda muolaja qila olish ko‘nikmasi egallanadi. Parvarishlashda noziklik, ehtiyotkorlik bilan teri parvarish etiladi. Aslida bu ham mahorat va e’tiborni talab etadi. Ammo buning uchun oliy ma’lumotli bo‘lish shart emas. Xotin-qizlarning bu faoliyat turi bilan shug‘ullanishi shu tomonlama ancha oson. Oliy ma’lumotli shifokorlar bugun parvarishlash sohasida ishlashni ma’qul ko‘ryapti. Bu ularga ikki tomonlama – inson ichki va tashqi tuzilishini yaxshi bilgani uchun ham juda qulay. Yaxshi mutaxassis bo‘lsa, iqtisodiy tomondan ham erkin bo‘ladi. Chunki, xotin-qizlarni faol mehnat muhitiga jalb etish, ularning bu boradagi muammolarini o‘rganish, tahlil etish, turli sohalarda ularning ishlab ko‘rishini ta’minlash kerak. Biz bunda yurtimiz ayollariga ko‘makchi bo‘lamiz. Keyinchalik ham mutaxassislarimizning huquqlarini himoya qilamiz.
Ayollarni munosib ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunarga tayyorlash va malakasini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar oilada ayolning o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Barno Meliqulova, O‘zA