Korxonalarni bankrotlikdan chiqarish dolzarb vazifa
Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari, Toshkent viloyati soliq boshqarmasi xodimlari, shuningdek, sud boshqaruvchilari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan iqtisodiyot sohasidagi qonunchilikni mustahkamlash, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, sudning mustaqilligi va ta’sirchanligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2024 yilning o‘tgan davrida jami 10 ming 218 ta da’vo arizalar kelib tushgan bo‘lib, shundan 10 ming 42 tasi ish yurituvga qabul qilingan. Shu bilan birga, 139 ta da’vo arizalar protsessual qonun talablariga rioya etilmasdan topshirilganligi uchun qaytarilgan bo‘lsa, 37 ta da’vo arizasida sudga taalluqli masala qo‘yilmagani bois ularni qabul qilish rad etilgan. Bugungi kunda, 286 ta qarzdor tashkilotlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha tugatish ishlari olib borilmoqda.

Davra suhbatida sudlarga ariza bilan murojaat etishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, muammolar, shuningdek, bankrot deb e’tirof etilgan korxonalarda tugatishga doir ish yuritishning ahvoli haqida so‘z yuritildi.
Xususan, bu yo‘nalishda qonunda belgilangan muddatlarga rioya etilishi, uzoq muddatdan beri tugatishga doir tartib-taomil jarayoni davom etayotgan bankrot korxonalarda tugatishga doir ish yuritishni tamomlashga to‘sqinlik qilib kelayotgan omillar ham muhokama etildi.
A.Musayev, O‘zA.