Korxonalardagi so‘rov natijalari e’lon qilindi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yilning fevral oyida o‘z bizneslarini rivojlantirish istiqbollarini qanday baholashlarini bilish uchun mamlakatimizdagi 1700 korxonada so‘rov o‘tkazdi.
Ma’lum qilinishicha, hududlar bo‘yicha ko‘rsatkichni baholash joriy yilning fevral oyida birinchi marta amalga oshirilgan.
Korxonalarni o‘rganish ikki – biznesning hozirgi holatini sifatli baholash va tadbirkorlarning keyingi 2-3 oy ichida o‘z bizneslarini rivojlantirish istiqbollariga bo‘lgan umidlari yuzasidan olib borildi.
Biznesning hozirgi holati ko‘rsatkichi 60 ballni tashkil etdi, bu mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitining holatini ijobiy deb baholaydi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning aprel oyiga qaraganda deyarli 2 baravar yuqori. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hozirgi holat ko‘rsatkichi 68 ball, xizmat ko‘rsatishda 59 ball, qurilishda 65 ball va sanoatda 52 ballni tashkil etdi.
Hududlar kesimida ishbilarmonlik muhitining yuqori ko‘rsatkichlari Namangan (67 ball), Farg‘ona (67 ball), Surxondaryo (66 ball) va Andijon (66 ball) viloyatida qayd etildi. Respublika bo‘yicha Navoiy viloyatida (45 ball), Qoraqalpog‘iston Respublikasida (49 ball) va Toshkentda (49 ball) o‘rtacha ko‘rsatkichdan nisbatan past bo‘ldi.
Joriy yilning fevral oyidagi biznesning hozirgi holati ko‘rsatkichi 44 ballni tashkil etdi, bu tadbirkorlar tomonidan biznesning hozirgi holatiga nisbatan ijobiy fikrlarini tavsiflaydi.
Sanoat sohasidagi tadbirkorlarning hozirgi ahvoliga nisbatan kayfiyat sezilarli darajada yaxshilandi – joriy yilning o‘tgan oyiga nisbatan 10 ballga o‘sdi, xizmat ko‘rsatish sohasida esa bu ko‘rsatkich avvalgi darajada saqlanib qoldi.
Hozirgi holat ko‘rsatkichining nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari Buxoro (56 ball) va Sirdaryo (53 ball) viloyatida qayd etildi. Namangan, Jizzax va Xorazm viloyatida 51 ballga teng bo‘ldi.
Tovarlar, xizmatlarga bo‘lgan talab yaxshilanganligi to‘g‘risida xabar bergan korxonalarning nisbatan yuqori ulushi Andijon viloyatida (44%), Toshkent shahrida esa nisbatan past ulushi (25%) qayd etildi.
Ishchilar sonining ko‘payganligi to‘g‘risida ma’lum korxonalarning nisbatan yuqori ulushi Qashqadaryo viloyatida (27%), eng kami esa Toshkent shahrida (13%) qayd etildi.
Fevral oyida biznesni rivojlantirish istiqbollarini kutish ko‘rsatkichi 77 ballni tashkil etdi, bu esa tadbirkorlarning kelgusi 3 oy ichida o‘z biznesini rivojlantirish istiqbollari haqidagi umidlarini aks ettiradi.
Respondentlarning 79 foizi o‘z biznesining istiqbollari yaxshilanadi, 18 foizi o‘zgarmaydi va faqat 3 foizi yomonlashadi, deb baholagan.
Mavjud holatdan farqli o‘laroq, eng optimistik kutishlarni qishloq xo‘jaligi (87 ball) va qurilish (85 ball) sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari shakllantiradi.
Hududlar kesimida kutish ko‘rsatkichining eng yuqorisi Andijon (92 ball), Qashqadaryo (90 ball) va Farg‘ona (89 ball) viloyatida qayd etildi.
Tovarlar xizmatlarga talabning yaxshilanishi kutilayotgan to‘g‘risida xabar bergan korxonalarning eng yuqori ulushi Farg‘ona (84%) va Andijon (81%) viloyatlarida qayd etildi.
Umuman olganda, mavjud vaziyat va kelajakdagi taxminlar o‘rtasidagi bog‘liqlik shuni anglatadiki, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisob-kitoblariga ko‘ra yaqin 3 oy ichida iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendensiyasi davom etadi.
O‘tkazilgan so‘rov natijalari noqulay tabiiy hodisalarga qaramasdan, joriy yilda iqtisodiyotni tiklashning barqaror o‘sishidan dalolat beradi, bu esa so‘nggi to‘rt yil ichida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi bilan bog‘liq bo‘lib, biznes uchun qulay ishbilarmonlik muhiti va iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlaydi.
Feruzbek DAVLETOV,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi