Korxonada qishloq ayollari ishli boʻldi
Navoiy viloyati tuman va shaharlarida “Oʻzpaxtasonat” uyushmasi tomonidan yengil konstruksiyali, zamonaviy tikuv korxonalari tashkil etilmoqda.
Navoiy viloyati tuman va shaharlarida “Oʻzpaxtasonat” uyushmasi tomonidan yengil konstruksiyali, zamonaviy tikuv korxonalari tashkil etilmoqda. Yaqinda viloyatda ana shunday korxonalar soni yana bittaga koʻpaydi.
Konimex tumanida “Navoiy baraka chevarlari” tikuvchilik korxonasining ish boshlagani koʻplab xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar koʻlami, xususan, bu jarayonda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar shu kabi korxonalar misolida oʻz aksini topmoqda. Ushbu tikuv sexi “Konimex gold tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga besh yil muddatga lizing asosida berildi. Eng muhimi, mahsulot ishlab chiqarish uchun xom ashyo ham tumanning oʻzida yetishtiriladi.
– Korxonamizda tayyorlanayotgan mahsulotlarning asosiy qismini eksportga yoʻnaltiramiz, – deydi “Konimex gold tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdumurod Umirov. – Hozircha yillik sof daromadimiz biznes rejamizga koʻra, 1 million dollarni tashkil etishi moʻljallanmoqda. Mahsulot turlarini ham 74 taga yetkazishni rejalashtiryapmiz. Yaqin kunlarda Qozogʻistonga shartnoma boʻyicha dastlabki mahsulot karvonini yetkazamiz. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi bilan shartnomalar tuzish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. Endilikda korxonada ishlab chiqarishni yana-da kengaytirib, qoʻshni tumanlardan yana 300 nafar xotin-qizlarni ishga jalb qilamiz.
Qariyb 2 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ evaziga barpo etilgan korxona eng soʻngi rusumdagi tikuv mashinkalari bilan jihozlandi. Ayni paytda bu yerda 120 nafar ayollarning bandligi taʼminlangan. Ahamiyatli jihati, bu yerda kasb-hunar oʻrganish istagida boʻlgan xotin-qizlar va yoshlar uchun maxsus oʻquv kurslari ham tashkil etildi.
– Korxonaga ish yurituvchi boʻlib ishga qabul qilindim, – deydi Nargiza Fayziyeva. – Barcha sharoitlar mavjud. Bu yerda 70 turdan ortiq kiyim-bosh tikish yoʻlga qoʻyilgan. Muhimi, ishlab chiqarilgan mahsulotning asosiy qismi eksport qilinadi.
Korxona faoliyati, ishlab chiqarish quvvati bilan yaqindan tanishar ekanmiz, kelgusida mazkur loyihani yana-da kengaytirishdagi istiqbolli jarayonlar xususida ham maʼlumotlarga ega boʻldik. Albatta, tashkil etilayotgan bu kabi zamonaviy korxonalar oʻz navbatida qoʻshimcha ish oʻrinlari va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, viloyatning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.