Korrupsiyaning siyosiy xaritadagi o‘rni
Korrupsiya… Naqadar yomon illat. Uning tarixi necha ming yillarga borib taqaladi. Korrupsiya o‘zi nima? degan savolga shunday javob bersa bo‘ladi. U jamiyatni o‘rab oluvchi dahshatli illatdir.
Bu illat demokratiya va huquq ustuvorligiga putur yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi, odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan jinoyatchilik va boshqa shu kabi hodisalarning gullab-yashnashiga sharoit yaratib beradi. Korrupsiya bizning kunimizgacha yetib kelganligi, shundan dalolat beradiki, boshqa illatlar kabi uni ham tag-tugi bilan yo‘qotib bo‘lmaydi. Hattoki, rivojlangan g‘arb davlatlari ham korrupsiyadan butkul xalos bo‘lolmagan. Biroq jamiyat rivojiga xavf soluvchi korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish Yer yuzidagi barcha davlatlarda hamisha va hamma zamonda davom etgan.Hozirgi kunga kelib u ko‘plab sohalarni qamrab oldi. Uning bunchalik ildiz otishida jamiyatning mas’uliyatsizligi yoki insonlarning beparvoligidan darak beradi.
Jamiyatda odamlarning huquqiy bilimini oshirish korrupsiyaga qarshi kurashdagi asosiy vazifa hisoblanadi.Qachonki inson o‘zini anglaganida huquq va majburiyatlarini o‘rganganida balki korrupsiyaga biroz bo‘lsada, chek qo‘yilar.Xalqaro tashkilotlardan biri dunyoning 180 ta mamlakatlarida korrupsiyaning darajasini aks ettiruvchi reytingni e’lon qildi. Unda umuman ballga ega bo‘lmagan mamlakatlar korrupsiyaning domiga sho‘ng‘iganlar, aksincha ball qo‘yilgan mamlakatlarda esa korrupsiyaning yo‘qligini bildiradi. Korrupsiya orqali davlat ham ancha zarar ko‘radi. Global moliyaviy oshkoralik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2001-2010 yillar oralig‘ida dunyoning 150 ta rivojlanayotgan davlatida 6 trillionga yaqin pul korrupsiya sabab ko‘kka sovurilgan. Bu ro‘yxatning boshida esa Xitoy turibdi. O‘tgan 10 yil davomida bu mamlakatda 3 trillion dollarga yaqin pul noqonuniy oldi-berdi uchun sarflangan. Rossiya davlatida korrupsiya keltirgan zarar 152 milliard dollarga teng, Afrika davlatlarida eng korrupsiyalashgan davlat bu Nigeriya hisoblanadi. U yerda noqonuniy kapital aylanmasi 129 milliard. dollarga teng. 2003 yildan e’tiboran BMT tomonidan 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni qilib belgilandi.
Aristotel «Hokimiyatga pul bilan erishgan odam undan daromad olishga intiladi» deb bejiz aytmagan. Inson nimagadir o‘rganib yoki odat qilib olsa, undan chiqib ketishi qiyin bo‘ladi. Demakki, korrupsiyaga o‘rgangan odam ham shunday. Barcha qilmishlari uchun javob beradigan payti kelganidagina bu ishining xato ekanligini anglab yetadi. U anglaganida esa kech bo‘ladi. Yana bir ma’lumotni keltirib o‘tishimiz lozim. Oramizda ko‘p uchraydigan tanish-bilishchilik,urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik kabilar korrupsiyaning asl sababchilaridir. Mana shu illatlarga barham bersakkina korrupsiyaga qarshi kurashishga ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shgan bo‘lamiz.Jamiyatda ogohlikni targ‘ib qilish, xalqning bilimini oshirish, hukumat odamlar uchun ishlashini, har bir fuqaro o‘zi yashayotgan jamiyat oldida muayyan majburiyatlarga ega ekanini, taraqqiyot uchun hissa qo‘shishini tushuntirish korrupsiya qarshi qilingan ham insoniy ham amaliy qilingan yordamdir.Har birimizni oldimizda ikkita yo‘l turadi korrupsiyaga asoslangan va korrupsiyasiz hayot. Uning qay biridan ketish insonning o‘ziga bog‘liq. Kimdir birinchi yo‘ldan ketadi, tekis-ravon, mashaqqatsizdek tuyilgan bu yo‘lning oxiri yo‘q, bora-bora jarlikka tushganini bilmaydi. O‘zini bilgan, tanigan inson ikkinchi yo‘ldan boradi. Sababi, bu yo‘l mashaqqat va qiyinchiliklar bilan boshlanmasin, oxiri baxtli kelajak, osuda hayot sari yetaklaydi. Shunday ekan, vaqtimiz borida kelajagimizga bolta urmasdan to‘g‘ri yo‘lni tanlaylik.
Sabina MASHARIPOVA,
O‘zbekiston jurnalistika va
ommaviy kommunikatsiyalar
universiteti talabasi.
O‘zA