Korrupsiyaga qarshi kurashishda faollik lozim
Andijon shahridagi Z.M.Bobur nomli viloyat axborot-kutubxona markazida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Andijon viloyati bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Demokratik jarayonlarni tadqiq qilish markazi, “Yuksalish” harakati, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limlari mutasaddi va mutaxassislari, viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda jamiyatda korrupsiya holatlarining oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, bu borada fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish xususida atroflicha so‘z yuritildi.

– Korrupsiyani bartaraf etish jamiyatimizdagi eng dolzarb vazifalardan biri. Bu borada viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan qator loyihalar doirasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shundan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida grant loyihalarini amalga oshirgan NNTlarning tajribalarini, ilg‘or ish uslublarini ommalashtirish, boshqa NNTlar bilan tajriba almashishlariga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilgan mazkur davra suhbati nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining bilim va malakalarini oshirishga yaqindan yordam berdi, – deydi O‘zbekiston NNTMA Andijon viloyat bo‘limi rahbari Sherzodbek Valiyev.

Davra suhbati davomida nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi grant loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlar, amaliy tajribalar, kelgusi rejalar haqida keng ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilar, mutaxassislar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, sifati va samaradorligini oshirish, ayniqsa, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.