Korrupsiyaga qarshi kurashish – dolzarb vazifa
AT “Xalq banki” Navoiy viloyat mintaqaviy markazida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Mintaqaviy markazda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat va komplayens xizmati tashkil etilgan bo‘lib, mazkur xizmatda faoliyat yuritayotgan xodimlar “Korrupsiyaga qarshi kurashishni boshqarish tizimini joriy etish” xalqaro standarti talablari bo‘yicha o‘qitildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni talablari doirasida AT “Xalq banki” Navoiy viloyat mintaqaviy markazi va bank xizmatlari markazlarida bank filiallari xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvi yillik deklaratsiyalarini tahlil qilish, “Manfaatlar to‘qnashuvi reyestri”ni shakllantirish hamda real manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yuzaga kelishining oldini olish chora-tadbirlari amalga oshirilib kelinmoqda.
–AT “Xalq banki” Navoiy viloyat mintaqaviy markazi va bank xizmatlari markazlari, bank filiallarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida aloqa, telegramm bot kanallari, “Ishonch telefon”lar, shuningdek, bankning rasmiy veb-saytida esa korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha sahifa tashkil etilgan.
Bankimizda kreditlash jarayonlariga skoring tizimi joriy qilinib, u orqali Davlat soliq qo‘mitasi va kredit byurosidan olinadigan ma’lumotlar asosida mijozlarning kreditga layoqatliligini avtomatlashtirilgan tartibda baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan,– deydi Ichki nazorat va komplayens xizmati mintaqaviy menejeri Bekzod Botirov. – Kredit ajratish jarayonlariga inson omili ta’sirini kamaytirish maqsadida barcha turdagi chakana kreditlarni (mikroqarz, ta’lim va overdraft kreditlar) banklarning mobil ilovalari orqali onlayn tarzda ajratishni joriy qilish orqali ushbu amaliyotlar to‘liq raqamlashtirilgan. Bank xizmatlarini raqamlashtirishning yana bir yo‘nalishi sifatida mijozlarga bank hisobvaraqlarini masofadan identifikatsiya qilish orqali ochish, bank va to‘lov xizmatlaridan onlayn rejimda masofaviy tarzda foydalanish imkonini beruvchi raqamli biometrik identifikatsiya qilish tizimi joriy qilingan.
Bankda korporativ mijozlarga investitsion kreditlarni anderrayting tizimi asosida ajratish amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu tizimning yo‘lga qo‘yilishi kredit ajratish jarayonlarida yakka tartibda qarorlar qabul qilish, mijoz bilan kelishish hamda hujjatlarni soxtalashtirish kabi holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, mijozlarga xizmat ko‘rsatishda zamonaviy ATdan foydalanish orqali inson omili bilan bog‘liq korrupsiyaviy xavf-xatarlarni yanada kamaytirish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Inson omilini kamaytirish va korrupsiyaning oldini olish maqsadida bankning “Xazna” mobil ilovasi orqali fuqarolarga onlayn tarzda omonatlar qo‘yish va ushbu omonat mablag‘larini tasarruf qilish, barcha turdagi kommunal to‘lovlarini to‘lash hamda boshqa bir qator bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri