Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komplayens nazorat tizimi joriy etilmoqda
Davlat organlari faoliyatiga korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ishlari davom etmoqda.
Bosh prokuratura tomonidan Adliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda samaral i, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi bilan hamkorlikda “KPMG” xalqaro kompaniyasi ekspertlari ishtirokida bir qator tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimi joriy etilmoqda.
Qurilish, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Mirzo Ulug‘bek va Bo‘ka tumanlari hokimliklarida bu jarayon davom etmoqda.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat organlarida korrupsiyaning oldini olish borasida kutilgan natijaga erishish uchun samarali ichki nazorat tizimi, ya’ni komplayens nazorat yo‘lga qo‘yilishi lozim.
Komplayens nazorat tizimigina muayyan vazirlik yoki idorada korrupsiya xavf-xatarlarini, suiiste’molchiliklarga sharoit yaratib beruvchi omillarni o‘z vaqtida aniqlab, bartaraf etish imkonini beradi.
Faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash ham ushbu tizim amalda hal etishi kerak bo‘lgan muhim vazifadir.
Shu bilan birga, mazkur tizim korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro standartlar hamda idoraviy chora-tadbirlarni amalga samarali tadbiq qilishga, shuningdek xodimlar tomonidan kasbiy odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
“KPMG” halqaro kompaniyasi ekspertlari tomonidan mazkur tizimni joriy etish to‘rt bosqichda, qat’iy grafik asosida amalga oshirilmoqda.
bugungi kunda birinchi bosqich, ya’ni ekspertlar tomonidan sohalarga oid normativ va idoraviy hujjatlarni o‘rganish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining joriy holatini tahlil qilish ishlari yakunlanmoqda.
Jumladan, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligida sohaga tegishli 76 ta normativ-huquqiy va ichki idoraviy hujjatlari o‘rganildi. 39 nafar mas’ul xodim bilan suhbat o‘tkazilib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan 8 yo‘nalish tahlil qilindi.
Shuningdek, qurilish sohasiga oid 55 ta normativ - huquqiy va ichki idoraviy hujjatlari o‘rganilib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan 8 yo‘nalish tahlil qilindi.
Bundan tashqari, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Mirzo Ulug‘bek va Bo‘ka tumanlari hokimliklarida tarmoqning 50 dan ortiq normativ - huquqiy va ichki idoraviy hujjatlari o‘rganildi. 60 nafar mas’ul xodim bilan suhbat o‘tkazildi.
Tahlillar mazkur davlat organlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, idoraviy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va samarali tadbiq qilish, xodimlar tomonidan kasbiy odob - axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va xarid qilish tartib-taomillari kabi choralar yetarli yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatdi.
Shu bois, tahlil natijalari bo‘yicha mazkur davlat organlaridagi korrupsiya omillarini bartaraf qilish va faoliyatni yanada takomillashtirishga qaratilgan yuzdan ortiq takliflar tayyorlandi.
Shu bilan birga, mazkur chora-tadbirlar doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligida joriy yilning 2 oktyabridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan 5 shtat birligidan iborat Komplayens, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tashkil qilindi.
Joriy yilning 6-11 noyabr kunlari “KPMG” ekspertlari bilan mazkur davlat organlarining rahbarlari va mas’ul xodimlari o‘rtasida komplayens nazorat tizimini joriy etishning birinchi bosqich yakunlarining muhokamalari bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalar davomida “KPMG” ekspertlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlili mazkur davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurash halqaro standartlar va amaliyotlarni samarali joriy etishga imkon berishini, natijada ularning faoliyati shaffofligi va boshqaruv darajasi oshishi ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuvlar yakunida mazkur davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimini joriy etish ishlarining keyingi bosqichida amalga oshiraladigan chora - tadbirlar kelishib olindi.
O‘zA