Korrupsiyaga qarshi kurashda so‘zning qudrati
Korrupsiya – jamiyat tanasini izdan chiqaruvchi illat. Unga qarshi kurash esa faqat huquqiy emas, ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy masala hamdir.
Bu murakkab jarayonda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va fuqarolik jamiyatining faol ishtirokisiz muvaffaqiyatga erishish mushkul. Ana shunday mas’uliyatli vazifaga munosib hissa qo‘shish maqsadida Jizzax shahar hokimligi hamda Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi muassisligidagi “Jizzax ovozi” gazetasi tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz” mavzusida tanlov e’lon qilingan edi va u yurtdoshlarimiz orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyatlari institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ko‘magida amalga oshirilgan mazkur tashabbus korrupsiyaga qarshi kurashishda so‘zning ta’sir kuchi qanchalik muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi. Bayram ruhi hukmron bo‘lgan shu kunlarda tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ushbu kurashga ijodiy hissa qo‘shganlar uchun haqiqiy bayramga aylandi.
Tadbirda Jizzax viloyati va Jizzax shahar hokimliklari, Xalq deputatlari shahar Kengashi, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Nutqlar, samimiy tilaklar va e’tiroflar bilan bezatilgan marosimda viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Nurali Raimov bu kabi tashabbuslarni jamiyatda “korrupsiyaga toqatsizlik muhitini” shakllantiruvchi muhim qadam sifatida ta’kidladi.

Tanlovga yuborilgan 40 dan ziyod material orasidan eng saralari tanlab olindi. Samarqanddagi “Iste’dod” gazetasi bosh muharriri Sarvinoz Mamanova 1-o‘rinni, “Jizzax haqiqati” gazetasi xodimi Muqaddas Saparova 2-o‘rinni, Farg‘onadagi “Quvonch” gazetasi muxbiri Jahongir Xoliqov esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng original maqola” va “Badiiy uslubda yoritilgan eng yaxshi material” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar ham munosib rag‘batlantirildi.
“Jizzax ovozi” gazetasi bosh muharriri Muqim Ismoilovning ta’kidlashicha, barcha maqolalar tajribali jurnalistlar va tahririyat tomonidan diqqat bilan o‘rganilib, saralanganlari gazeta sahifalarida chop etildi. Qolganlari esa kelgusi sonlarda bosilishi rejalashtirilgan. Bu nafaqat matbuot uchun, balki jamiyat ongida korrupsiyaga qarshi kayfiyatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
E’tiborli jihati shundaki, tanlov nafaqat Jizzax, balki Samarqand, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysidagi ijodkorlarni ham o‘z atrofiga jamladi. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat huquq-tartibot organlari, balki qalami o‘tkir ijodkorlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklayotganini ko‘rsatadi.
Marosim so‘ngida ishtirokchilar bunday tanlovlar jamiyatda korrupsiyaga qarshi immunitetni kuchaytirishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Chunki har bir so‘z – uqubatli illatga qarshi kurashda nayzadek ta’sir qiluvchi kuchdir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari