Korrupsiyaga qarshi kurashda faol mahalla
Buxoro viloyati mahallalar kengashi va viloyat prokuraturasi hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tkazilgan “Eng faol fuqarolar yig‘ini” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida bu alohida ta’kidlandi.
Mamlakat taraqqiyotiga g‘ov bo‘ladigan va jamiyatda kishilarning adolatga nisbatan ishonchiga putur yetkazadigan poraxo‘rlik, ta’magirlik hamda tanish-bilishchilik kabi salbiy illatlarga barham berishda mahalla faollari, xususan, yoshlarning huquqiy ongi va bilimini oshirish, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish muhimdir.
Buxoro viloyati mahallalar kengashi va viloyat prokuraturasi hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tkazilgan “Eng faol fuqarolar yig‘ini” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida bu alohida ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur tanlovning viloyat bosqichida 13 mahalla vakili ishtirok etdi.
Qatnashchilar tegishli shartlar asosida mahalla hayoti, bu yerda jinoyatchilik, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlarini badiiy chiqishlar va ko‘rgazmali vositalar orqali namoyish qildi. Savol-javoblar asosida ularning korrupsiyaga qarshi kurashga oid qonunchilik hujjatlari bo‘yicha huquqiy bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilar mahallada, jumladan, umumta’lim maktablarida mavzuga oid o‘tkazilgan tadbirlar, amalga oshirilgan ishlar haqidagi fotoalbom, videorolik yoki sahna ko‘rinishini namoyish etdi. Shu asosda faollarning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha olib borgan targ‘ibot ishlari samaradorligi baholandi.
Tanlovda Kogon shahridagi “Adolat“ mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi Feruza Solieva g‘olib deb topildi. U endi tadbirning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.
– Ta’magirlik, poraxo‘rlik hisobiga boyishga ruju qilganlar oxir-oqibat jazosini oladi, – deydi tanlov g‘olibi Feruza Solieva. – Bu tabiiy. Lekin yuz bergan jinoyat nafaqat uni sodir etgan mansabdor yoki shaxsning oilasi, balki mahalla sha’nini malomatga qoldiradi. Shuning uchun ham biz, prokuratura, ichki ishlar organlari, jamoatchilik bilan hamkorlikda jinoyatchilik, ayniqsa, uning yuqoridagi ko‘rinishlari oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Bu yaxshi samara bermoqda, albatta. Masalan, keyingi ikki yil mobaynida mahallamizda korrupsiya bilan bog‘liq birorta ham jinoyat sodir etilmadi.
Shuningdek, tanlovda Buxoro shahridagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shalola Umrzoqova ikkinchi, Buxoro tumanidagi “Qo‘shxodim” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jumanazar Hamroevlar uchinchi o‘rinlarni egalladi.