Korrupsiyaga qarshi kurash: ijro, amaliyot va samara
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Guliston shahridagi “Yoshlar markazi”da tashkil etilgan tadbirda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat idoralari mansabdor shaxslarining joylarda korrupsiya ko‘rinishlari namoyon bo‘lishiga olib keladigan tizimli muammolar va korrupsiyaning holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Qo‘shma majlisda senatorlar, mahalliy kengash deputatlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakili, hududiy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ushbu qonun va davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati hududiy idoralarida ham korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun, 2019 yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilning 29 iyunida Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida mamlakatimizda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi, – deydi Sirdaryo viloyati prokurori R.Masharipov. – Shuningdek, ushbu farmonga ko‘ra Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralari komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Korupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hudidiy kengashlari etib qayta tashkil etildi.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, ushbu turdagi huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, o‘tgan 2019 yil va joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida hududdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan jami 82 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, shundan 80 nafar shaxsga nisbatan 71 ta jinoyat ishi sudlarga yuborilgan.

Tahlillarga ko‘ra, 11 nafar xalq ta’limi, 8 nafar ichki ishlar, 5 nafar qishloq va suv xo‘jaligi, 5 nafar bank, 4 nafaar maktabgacha ta’lim sohalarida, shuningdek, majburiy ijro buyurosi, soliq, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim muassasalaridan 1 nafardan iborat rahbar xodimlarni tashkil etgani achinarli holdir.
Jinoyi javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 1 nafari mansab soxtakorligi, 2 nafari firibgarlik va mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, 7 nafari pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish, 58 nafari mol-mulkni o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilish jinoyatlarini sodir etgan.
Bundan kelib chiqadiki, hududiy davlat organlari va fuqarolik jamiyatlari instututlari, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosatsiyasining, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmalari va boshqa tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘zaro hamkorlikni lozim darajada va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ijtimoiy sheriklik mexanizmlaridan keng foydalanmagan.

Normativ huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini bevosita ijrochilar tomonidan keng jamoatchilikka yetkazishda vakillik organlari bilan to‘liq hamkorlik o‘rnatilmaganligi, majlis ishtirokchilari tomonidan alohida qayd etib o‘tildi.
Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, qo‘shma majlisda idoralar faoliyatining moliyaviy natijalarini ochib beradigan, korrupsiyaga qarshi choralarni oshkor etishni ta’minlaydigan mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha ichki nazorat va ichki auditni yo‘lga qo‘yishni ta’minlash, davlat organlari xodimlari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi idoralari “kompleks nazorat” tizimini joriy etish kabi ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Muhokama qilingan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Qo‘shma majlis ishida Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA