Korrupsiya – taraqqiyot dushmani
Korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishidir. Buning oldini olish, ayniqsa yosh avlodni korrupsiyaga qarshi g‘oyalar asosida ulg‘aytirish Vatan taraqqiyotini belgilaydi.
Shunga ko‘ra, poytaxtimizdagi “Yoshlar press klubi”da O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida “Korrupsiya – taraqqiyot dushmani” mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, bu borada erishilgan natijalar, yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibotlar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va uning faoliyati xususida ma’lumotlar berildi.

Tadbir yoshlarni ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatini shakllantirish maqsadida tashkil etildi, – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi O‘tkir Namozboyev. – Muloqotda yoshlar asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati, agentlik xodimlarining moddiy hamda boshqa jihatdan qanchalik ta’minlanganligi nechog‘lik ahamiyatga egaligi, davlat xizmatchilarining mol-mulki hamda daromadlarini deklaratsiyalash ishlari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar yuzasidan spikerlarga yuzlanishdi va atroflicha javob hamda tushunchalarga ega bo‘lishdi.
Tadbir yakunida yoshlar o‘rtasida “Korrupsiyasiz davlatni qanday tasavvur qilasiz?” mazmunidagi savol-javob o‘tkazildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA