Korrupsiya islohotlar shiddatini susaytiradi
Jamiyatda shunday illatlar borki, u ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat – korrupsiya va poraxo‘rlikdir. Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli.
Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida shunday yozadi: “Fuqarolik jamiyatini qurishda to‘g‘anoq bo‘ladigan muammolardan biri korrupsiyadir”. Korrupsiya keng qamrovli tushuncha bo‘lib, u jamiyatning ayrim qatlamlari, toifalari, guruhlari kundalik faoliyatiga aylanib, o‘zaro bir-biriga bog‘lanib ketganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, dolzarb masalalar qatoridan o‘rin egallagan.
Mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi yaratilgan. Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan yangi tizim korrupsiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida barcha tashkilot va korxonalarda Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorati xizmati tashkil etildi. Bu davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me’yoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o‘zida mujassam etgan profilaktik tizimdir.
“O‘zsuvta’minot” AJ va uning hududiy suv ta’minoti korxonalarida ham korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens-nazorat xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davr mobaynida mazkur xizmat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, ishchi-xodimlarda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, jamiyatning komplayens nazorat boshqarmasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 16 ta ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilgan.
“O‘zsuvta’minot” AJ hududiy va tizim tashkilotlarining komplayens nazorat xizmati xodimlari uchun “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va uning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv seminar-treningda shular haqida so‘z bordi.
[gallery-10595]
– Sohani raqamlashtirish orqali iste’molchilarning to‘lov intizomi va madaniyatini yaxshilashga harakat qilyapmiz, – deydi "O‘zsuvta’minot" AJ Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat boshqarmasi boshlig‘i Kamoliddin Yuldashev. – Shuningdek, to‘lovlarning shaffofligini yanada oshirishda korrupsion holatlarning oldini olish uchun pilot loyiha doirasida respublikamizning 86 ta tuman va shaharlarida suv ta’minoti korxonalarining nazoratchilari tomonidan xizmatlar uchun aholidan pul undirish ishlari to‘xtatilib, to‘lovlarni amalga oshirish elektron shaklga o‘tkazildi. Bunda iste’molchilar uchun to‘lovlarni zamonaviy va qulay usullar bilan amalga oshirish imkoniyati yaratildi. Qolaversa, fuqarolardan sohadagi korrupsiya holatlari to‘g‘risida murojaatlarni qabul qilish va ularga tezkorlik bilan javob qaytarish maqsadida tizimda qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yilgan, shu jumladan, +99855-503-10-55 raqamli “ishonch telefoni”, anticor@uzsuv.uz elektron pochtasi, @UzsuvAnticorruptionBottelegram boti ishlab kelmoqda.
Amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati 2022 yilning fevral oyida “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” mavjudligini tasdiqlovchi ISO 37001:2016 hamda “Sifat menejment tizimi” mavjudligini tasdiqlovchi ISO 9001:2015 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi.
Seminarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi va “O‘zsuvta’minot” AJ korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, iste’molchilarning muddati o‘tgan debitor
qarzdorliklarini aniqlash, jamiyat hamda uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalariga ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasidagi noqonuniy holatlarning turlari, ularni aniqlash usullari to‘g‘risida zarur tushunchalarga ega bo‘ladi. Ikki kunlik seminar-trening yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
Nilufar Bozorova, Oybek Pardayev (surat) O‘zA