Koronovirus infeksiyasini oldini olish borasida olib borilayotgan tadbirlar toʻgʻrisida kunlik MAʼLUMOT
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlarining bildirishicha, Xitoy Xalq Respublikasining barcha provinsiyalarida koronavirus kasalligi tarqalib ulgurgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotidan olingan maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil yanvar oyida Xitoy Xalq Respublikasi Xubey provinsiyasidagi Uxan shahrida koronavirus (2019-nCoV turi) bilan kasallangan bemor toʻgʻrisida xabar berilgan. Joriy yilning 31-yanvari holatida Xitoy Xalq Respublikasida jami 9720 nafardan ortiq fuqaro kasallanib, 1500 nafar fuqaro ogʻir holatda davolanmoqda, 213 nafar fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlarining bildirishicha, Xitoy Xalq Respublikasining barcha provinsiyalarida koronavirus kasalligi tarqalib ulgurgan. 2020-yil 30-yanvar kuni JSST Xitoy Xalq Respublikasida koronavirus infeksiyasi epidemiyasini favqulodda holat deb, tan oldi. Rossiya Federatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi bilan chegara kesishgan joylardagi oʻtkazish punktlaridan fuqarolarni oʻtishini cheklagan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Xalqaro tibbiy sanitariya qoidalari saytidagi maʼlumotlarga koʻra, 2020-yil 31-yanvar kuniga koronavirus (2019-nCoV turi) infeksiyasi Gongongda va Tayvanda 8 tadan, Malayziya va Makaoda 7 tadan, Yaponiyada 6 ta, Avstraliya, Singapur va AQSHda 5 tadan, Tailand davlatida 14 ta, Fransiyada 6 ta, Germaniya, Vyetnam va Janubiy Koreya davlatlarida 4 tadan, Kanada davlatida 3 ta, Nepal, Italiyada 2 ta, Kambodja, Shri-Lanka, BAA va Ukraina davlatlarida 1 tadan holat qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi farmoyishi qabul qilindi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida tashkil qilingan shtab 24 soat davomida faoliyat olib bormoqda. Agentlik mutaxassislari tomonidan ishonch telefonlari orqali koronavirusning oldini olish borasida Xitoydan kelayotgan va oʻqiyotgan talabalar, ularning ota-onalari, tadbirkorlar va boshqa soha xodimlariga tegishli tushuntirishlar va tavsiyalar berib borilmoqda.
Joriy yilning 31-yanvar kuni Toshkent vrachlar malakasini oshirish insitutida koronavirus infeksiyasi etiologiyasi, klinikasi va profilaktikasi hamda kasallikka gumon qilinganda tibbiy xodimlarning tezkor harakatlari mavzusida oʻquv-seminari oʻtkazildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi reanimatologlari, infeksionistlari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining epidemiologlari ishtirok etdi. Barcha maʼmuriy hududlarda reanimatolog, infeksionist, epidemiologlardan iborat 3 tadan tezkor harakatlar brigadalari tashkil etildi, shuningdek, mazkur oʻquv-seminarda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining vakillari ishtirok etishdi.
Joriy yilning 31-yanvar kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan kelgan 4194 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan oʻtkazilgan. Shulardan 84 nafari Xitoyda oʻqiydigan talabalardir. Termometriyadan oʻtkazilgan fuqarolar orasida 1 nafar Rossiyadan uchib kelgan fuqaroda tana harorati yuqoriligi aniqlangan, shifokorlar tomonidan epidemiologik surishtiruv oʻtkazilganda tana harorati koʻtarilgan bemor, koronavirus kasalligiga gumon qilingan yoki kasallik bilan kasallangan bemorlar bilan muloqotda boʻlmaganligi aniqlangan.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ markaziy SESiga qarashli 6 ta SKPdan 5 ta poyezdda 953 nafar fuqaro oʻtishgan va ular oʻrtasida tana harorati koʻtarilgan bemorlar aniqlanmagan.
Davlat chegara posti orqali koʻplab yoʻlovchi oʻtuvchi SKPlar Toshkent viloyatining “Gʻishtkoʻprik”, “Oybek”, Surxondaryoning “Ayraton”, “Gulbahor” va Daryo porti hamda Andijon viloyatining “Doʻstlik” SKPlari orqali 2158 ta avtotransport, 23570 nafar fuqaro oʻtkazilgan, ular orasida yuqumli kasallikka gumon qilingan bemorlar aniqlanmagan.
Agentlikning virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olib kelingan, namunalar orasida koronavirus kasalligining virusi topilmadi. Bugungi kunga qadar respublika fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmadi.
Xitoy Xalq Respublikasida koronavirus infeksiyasi boʻyicha kuzatilayotgan murakkab epidemik vaziyat, bu kasallikni respublika hududiga kirib kelishi va tarqalib ketishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan nazoratga olingan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.