Ko‘rfaz matbuotida Samarqand sammiti mavzusi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidov Al-Kuvayt shahrida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlari uchinchi uchrashuvida ishtirok etdi.
Mintaqa matbuoti ushbu anjumanni yoritish asnosida mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirokini ham atroflicha tahlil qilgan.
B.Saidov o‘z ma’ruzasida dastlab Kuvaytning Ko‘rfaz hamkorlik kengashiga raisligi davrida samarali faoliyat yuritganini yuqori baholab, konstruktiv muloqot, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy integratsiyaga asoslangan bunday yondashuv davlatimiz siyosatiga to‘liq mos kelishini ta’kidlagan.
Maqolalarda respublikamiz yuqori martabali vakili ikki mintaqa o‘rtasida davom etayotgan muloqotning tarixiy ahamiyati, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash geosiyosiy o‘zgarishlar jadallashuvi va global tahdid kuchayishi nuqtai nazaridan strategik zaruratga aylanganiga e’tibor qaratgani qayd etilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni payt Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz hamkorlik kengashi davlatlari navbatdagi sammitiga tayyorgarlik qizg‘in ketyapti.
– Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulloh Ali Al-Yahyo janoblari bilan tobora rivojlanib borayotgan sherikligimizni keyingi bosqichga olib chiqishning samarali usullarini va kun tartibidagi boshqa dolzarb mavzularni muhokama qildik, – deydi B.Saidov. – Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan anjuman aloqalarni chuqurlashtirishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Mushtarak qadriyat, strategik salohiyat va yakdil yondashuv bilan hamkorlik tarixida yangi sahifa yaratyapmiz.
Qayd etilishicha, Samarqand sammiti bu jarayonda burilish nuqtasi bo‘lib, umumiy sa’y-harakatlar uchun yangi ufqlar ochadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA