Koreyaning yirik kompaniyalari ishtirokida xalqaro Roadshow o‘tkazildi
O‘zbekistonning Smart Bio Cluster loyihasi Koreyada xalqaro investorlar e’tiboriga havola etildi. Biofarmatsevtika va biotexnologiya sanoatida yangi davr ochishga qaratilgan bu tashabbus katta imkoniyatlarni va’da qilmoqda.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan Koreya Respublikasida Smart Bio Cluster loyihasini xalqaro investorlarga taqdim etish va yetakchi kompaniyalarni loyihaga jalb qilish maqsadida tashkil etilgan xalqaro Roadshow ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir Koreyaning Overseas Infrastructure & Development Cooperation (KIND) tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilib, unda farmatsevtika, biotexnologiya, tibbiy texnologiyalar, infratuzilma va investitsiya sohalarida faoliyat yurituvchi 50 ga yaqin yirik kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Smart Bio Cluster loyihasining asosiy yo‘nalishlari, investitsiya imkoniyatlari, loyihada ishtirok etish mexanizmlari, xorijiy kompaniyalar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, klaster doirasida biotexnologiya va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro kompaniyalar ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari taqdim etildi.
Muloqot davomida Koreya kompaniyalari vakillari loyihaning investitsiyaviy imkoniyatlari bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Agentlik direktori Abdulla Azizov tomonidan batafsil javob va tushuntirishlar oldi.
Tadbir yakunida Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni davom ettirish, Smart Bio Cluster loyihasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonda zamonaviy biofarmatsevtika hamda biotexnologiya sanoatini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikni kengaytirish masalalari belgilab olindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA