Koreya Eksimbanki raisi bilan muzokara oʻtkazildi
Tadbir qoʻshma loyihalarni amalga oshirish surʼati hamda Oʻzbekistonda Eksimbankning loyihalar portfelini kengaytirish istiqboli muhokamasiga bagʻishlandi.
Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Seul shahriga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Koreya Eksimbanki raisi Bang Mun-kyu bilan uchrashdi.
Tadbir qoʻshma loyihalarni amalga oshirish surʼati hamda Oʻzbekistonda Eksimbankning loyihalar portfelini kengaytirish istiqboli muhokamasiga bagʻishlandi.
Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekistonda mazkur bank mablagʻlari hisobiga umumiy qiymati 2,1 milliard dollarlik 17 ta qoʻshma loyiha amalga oshirilgan. Ayniqsa, 2017-2020-yillar mobaynida loyihalar moliyalashtirilishi jarayonida jadal oʻsish kuzatilmoqda.
Bank rahbariyati joriy epidemiologik vaziyat jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir paytda Oʻzbekistondagi loyihalarni amalga oshirish surʼatiga iqtisodiy omillar salbiy taʼsirini minimallashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini maʼlum qildi.
Asosli va konstruktiv muloqot davomida keng doiradagi masalalar, takliflar qamrab olindi. Tomonlar Bank tomonidan 2019-yilda maʼqullangan bir qator loyihalar uchun qarz shartnomalarini imzolashni tezlashtirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, “Toshkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri, kattalar uchun koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, saraton klinikasi, tibbiy yoʻnalishdagi OTM va kimyoviy texnologiyalar markazini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha qurilish ishlarini boshlash uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash, maslahatchilar va pudratchilarni tanlash jarayonini jadallashtirishga qaror qilindi.

Koreya tomoni Oʻzbekiston bilan moliyaviy-texnik hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Koreya Eksimbanki qoshidagi EDCF jamgʻarmasi bilan birgalikda 2021-2023-yillarga moʻljallangan iqtisodiy rivojlanish hamkorligi toʻgʻrisida Bitim ishlab chiqishni boshlash va imtiyozli moliyalashtirish dasturini 500 milliondan 1 milliard dollargacha oshirishga kelishildi.
Koreya Eksimbankini Oʻzbekistondagi infratuzilma, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni moliyalashtirishga jalb etish istiqboli boʻyicha oʻzaro anglashuvga erishildi. Koreya tomoni taqdim etilgan loyihaviy takliflarni oʻrganib chiqadigan boʻldi.
Muloqot davomida tomonlar Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshma jamgʻarma tashkil etishni muhokama qilib, ayni masalani hal etish boʻyicha konsepsiyani yaqin kelajakda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Shuningdek, Bank rahbariyati har ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokidagi loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish uchun qoʻshimcha kredit liniyalari ajratish orqali Oʻzbekiston tijorat banklari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbolini ham koʻrib chiqadi.
Uchrashuv natijasida hamkorlikni rivojlantirish doirasida muhokama etilgan yoʻnalishlar boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi, kelgusida birgalikda ish olib borish tartibi kelishib olindi.