Ko‘p qavatli uylar kuz-qish mavsumiga tayyormi?
Sovuq kunlar kelishiga ham oz muddat qoldi. Shu bois ayni kunlardagi dolzarb masalalardan biri kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hisoblanadi. Qishloqlardagi uy-joylarni qo‘lbola pechlarda isitish mumkindir, ammo ko‘p qavatli uylarda buning iloji yo‘q.
Xo‘sh, shahar va tuman markazlaridagi ko‘p-qavatli uylar kuz-qish mavsumiga tayyormi? Qarshi shahridagi jurnalistlar uyida Qashqadaryo viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Ernazarov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular haqida batafsil ma’lumot berildi.

Boshqarma rahbarining ta’kidlashicha, issiqlik ta’minoti bo‘yicha joriy yilda 1,050 milliard so‘m respublika byudjet mablag‘lari hisobidan Qarshi shahridagi 1 dona qozon, 2 kilometr issiqlik tarmoqlari mukammal ta’mirlangan va 4 dona qozon, 0,5 kilometr issiqlik tarmoqlari joriy ta’mirlangan. Investitsiya dasturi bo‘yicha Prezidentimizning 2022 yil 22 yanvardagi qaroriga asosan Qarshi shahar Sho‘rtangaz MFY 7-mitti tuman hududidagi RK-4 qozonxonasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarini bajarish uchun onlayn tender savdolari o‘tkazildi. Unda “SAM TEXNO STROY INVEST” MCHJ pudratchi tashkiloti g‘olib bo‘lgan. Mazkur loyihaga 29,8 milliard so‘m ajratilgan.
bugungi kunga qadar ushbu loyihaga jami 22,375 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 22,480 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, jami 3 ta qozon xorijiy davlatdan olib kelib o‘rnatildi. 5,8 kilometr issiqlik tarmoqlaridan 3,8 kilometr qismi qurildi. 27 ta issiqlik kameralaridan 14 tasi qurildi. 35 ta issiqlik taqsimlovchi qurilmalardan 35 tasi tayyorlandi. 26 tasi olib kelindi. 13 donasi joyiga o‘rnatildi.Qozonxona devori va poydevor qismlari, dudburon quvurlarini qurilish ishlari yakunlandi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu qozonxona qurib foydalanishga topshirilgach Qarshi shahridagi 7-mitti tuman hududida joylashgan 38 ta ko‘p qavatli uy-joy issiqlik energiyasi va issiq suv bilan to‘liq ta’minlanadi.
Shuningdek, matbuot anjumanida ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy inspeksiyasi boshlig‘i Abdurasul Safarov 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida amalga oshirgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 31 maydagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga asosan hududiy inspeksiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 47 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shundan belgilangan vaqtda huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etgan 9 nafar fuqaro javobgarlikdan ozod etilgan. Belgilangan vaqtda huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etmagan 42 nafar fuqaroga 166 million 500 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. 199 nafar fuqaro qo‘shimcha qurilmalarni ixtiyoriy ravishda buzgan.
Tadbir davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

O‘lmas Barotov, O‘zA.