“Konvert” usulida haq to‘lashga yo‘l qo‘yilmaydi
Toshkent viloyati davlat soliq hamda bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmalari hamkorligida norasmiy bandlikning oldini olish, jumladan, “konvert” usulida haq olayotgan ishchilarini legallashtirish borasida tizimli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Birgina Quyi Chirchiq tumanida joriy yilning shu davriga qadar 1 ming 86 nafar norasmiy tarzda ishlayotgan ishchi va xodimlar faoliyati rasmiylashtirildi. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida 920 nafar fuqaro bilan o‘zi ishlayotgan korxonalar o‘rtasida mehnat shartnomalari tuzilgan.
Xususan, "TCT AGRO CLUSTER" mas’uliyati cheklangan jamiyati 2018 yildan buyon 948 nafar xodimni norasmiy ishlatib kelayotganligi aniqlandi. Olib borilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari natijasida bugungi kunda 900 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari tuzilgan.
Davlat soliq xizmati xodimlari tomonidan mazkur korxonalar rahbariga “konvert” usulida maosh olayotgan ishchilarning norasmiy ishlagan yillari ularning mehnat stajiga qo‘shilmasligi, bu o‘z navbatida mehnatga yarasha pensiya tayinlanmasligiga olib kelishi keng tushuntirildi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan tadbirkor shu kunning o‘zida ushbu norasmiy ishchilarning faoliyatini qonuniylashtirdi.
Umuman olganda, Toshkent viloyatida bu kabi holatlarni bartaraf etish uchun davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida olib borilayotgan tushuntirish ishlari o‘z samarasini bermoqda. Natijada davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalarga qo‘shimcha soliq hamda majburiy to‘lovlar tushumlari ortishi ta’minlanmoqda.
A.Musayev, O‘zA