Konstitutsiyaviy sud referendum bo‘yicha qaror qabul qildi
Avval xabar berilganidek, bugun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida»gi qarori (ilovasi bilan) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Qisqa tanaffusdan so‘ng ochiq sud majlisi davom ettirildi. Unda Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov Konstitutsiyaviy sud qarorini o‘qib eshittirdi.
Konstitutsiyaviy sud qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida»gi qarori (ilovasi bilan) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yishga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmadi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yish Konstitutsiyaga muvofiq deb topildi.
Konstitutsiyaviy sud qarori Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga yuboriladi.
M.Komilova, O‘zA