Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamada
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq, 25 iyundan 5 iyul kuniga qadar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga start berilgan.
Yangi kiritilayotgan normalar qonunchilikda qanday o‘zgarishlarga olib keladi, jamiyat hayotida qanday ijobiy natijalarni aks ettiradi, degan savollardan kelib chiqib, mazkur masalalarni chuqur o‘rganish va muhokama etish maqsadida Sudyalar oliy maktabida “O‘zbekiston Konstitutsiyasini o‘zgartirishga oid qonun loyihasi muhokamada” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
— Amaldagi barcha qonunlar, yoki normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiyaga zid bo‘lmasligi kerak, – deydi Sudyalar oliy maktabi doktoranti, yuridik fanlar nomzodi Xolmurod Isanov. – Shuningdek, sudlar tomonidan odil sudlov qonunga qat’iy muvofiq holda amalga oshirilishi bilan bir paytda, sudlar tomonidan qo‘llaniladigan qonunlar yoki normativ-huquqiy hujjatlarning barchasi Konstitutsiyaga mos bo‘lishni ham talab etadi.
Boshqacha aytganda sud amaliyotida qo‘llaniladigan har qanday qonun yoki normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaga zid bo‘lmasligi kerak. Albatta, sudlar tomonidan qo‘llaniladigan har qanday qonun yoki normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga mos emasligi to‘g‘risida masalalar paydo bo‘lganda, ushbu masala bevosita konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.
Bunday masalaning paydo bo‘lishini ba’zi hollarda fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ish yuzasidan sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlari bilan izohlash mumkin. Bu esa Konstitutsiyaviy sudning vakolatlarini kengaytirish zarurati borligidan dalolat beradi.
Yuqoridagilarga asoslanib Konstitutsiyamizning 109-moddasini Konstitutsiyaviy sudning vakolatlariga oid ushbu mazmundagi band bilan to‘ldirish taklif etiladi: “O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan muayyan ishlarda qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarini ko‘rib chiqadi”.
— Joriy yilning 20 iyun kuni prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev respublika Konstitutsiyaviy komissiyasi a’zolari bilan uchrashuv davomida Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan fuqarolar tomonidan bildirilgan ayrim takliflarga munosabat bildirish asnosida o‘z takliflarini ilgari surdi, – deydi Sudyalar oliy maktabi doktoranti Ozoda Shamsiddinova. – Jumladan, fuqarolarning mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqi, mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozimligi qayd etildi. Bundan tashqari, shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi zarur, deya qayd etdi.
Mazkur kafolatlar loyihaning 39-moddasi to‘rtinchi qismiga “Davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam ta’minlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlaydi” deb kiritilmoqda.
Davra suhbatida loyihadagi inson huquq-erkinliklari va manfaatlari, O‘zbekiston — ijtimoiy davlat, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, insonparvar va demokratik huquqiy davlat qurish kabi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tildi.
— Internetga kirish huquqini nega konstitutsiyada kafolatlash kerak, degan savol tug‘iladi, – deydi Otabek Mutalov. – Birinchidan, internetga kirish huquqi BMT tomonidan insonning asosiy huquqi sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari konstitutsiyada kafolatlanishi lozim. Ikkinchidan, bugungi kunda konstitutsiyada belgilangan davlat va fuqaro o‘rtasidagi 30dan ortiq munosabatlar amalga oshishi uchun internet zarur. Ammo internet nodavlat provayderlar orqali ta’minlanadigan tarmoq. Davlat uning ishlashi va rivojlanishi uchun sharoit yaratib qo‘llab-quvvatlamasa, favqulodda holatlarda yoki boshqa vaziyatlarda internet ishlashi to‘xtatilishi davlat ichida ham xalqaro darajada ham salbiy oqibatlar keltirib chiqaradi. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, davlatlarda internetni uzib qo‘yish holatlari borgan sari ko‘paymoqda. Shu sababli ko‘plab xalqaro tashkilotlar davlatlarga internetdan foydalanish huquqini konstitutsiyaviy kafolatlashni tavsiya etadi.
— Konstitutsiyamizning 55-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir” deb belgilangan, – deydi doktorant Madina Abdualimova. – Ushbu normani quyidagi tahrirda belgilanishi maqsadga muvofiq: “Xususiy mulk daxlsiz va qonun bilan kafolatlanadi. Mulkdor irodasiga qarshi o‘z mulkidan sud qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas. Mulkni davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish faqatgina qonunda nazarda tutilgan hollarda faqat oldindan va tenglashtirilgan kompensatsiya to‘lash sharti bilan amalga oshiriladi”.
Ushbu tahrirning ahamiyati shundaki, birinchidan, davlatning hududiy yaxlitligi, sarhadlari va suverenitetini tabiiy resurslarga nisbatan mulkni belgilaydi, ikkinchidan, tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqining belgilanishi, o‘z navbatida davlatimizning iqtisodiy asoslarini belgilaydi, uchinchidan, yerga nisbatan turli shakldagi mulk huquqi, ya’ni davlat va xususiy mulk huquqining joriy etilishi davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning yerga egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini mustahkamlaydi. Konstitutsiyamizda ham ushbu qoidalarni o‘rnatish mulk daxlsizligini, mulkdorning huquqlarini yetarlicha himoya qilish va kafolatlashga, jamiyatda mulkdorning o‘z huquqlarini to‘siqsiz, erkin tarzda amalga oshirishiga xizmat qiladi.
Sudyalar oliy maktabi tayanch doktoranti Sevara Begmatovaning fikricha, iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda qonunga xilof xatti-harakatlarning to‘qnashuviga yo‘naltirilgan, rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega choralar qo‘llash uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy raqobatning huquqiy kafolatlarini belgilab beruvchi normalar har bir davlatning asosiy Qomusida mustahkamlangan bo‘lishi lozim. O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunida nafaqat insofsiz raqobat tushunchasiga ta’rif berilgan, balki uning qonun bilan ta’qiqlangan usullari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Xususan ushbu qonunning 4-moddasiga binoan, raqobat — xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning (raqobatchilarning) musobaqalashuvi bo‘lib, bunda ularning mustaqil harakatlari ulardan har birining tovar yoki moliya bozoridagi tovar muomalasining umumiy shart-sharoitlariga bir tomonlama tartibda ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini istisno etadi yoki cheklaydi. Shuningdek, qonunda insofsiz raqobat tushunchasiga ta’rif berilgan bo‘lib, unga binoan insofsiz raqobat bu — xo‘jalik yurituvchi sub’ektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoxud ularning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlaridir.
Raqobatni himoya qilishga doir normalar qonunchilikda o‘z aksini topgan bo‘lsa-da, ushbu sohadagi konseptual apparatni konstitutsiyaviy jihatdan aniqlashtirish zarur. Raqobatni rag‘batlantiruvchi, uni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashuvchi institutlarning qo‘llanilishi boshqa konstitutsiyaviy tamoyillarni nazarda tutgan holda amalga oshirilishi zarur (Iqtisodiy faoliyat erkinligi tamoyili).
Davra suhbatida huquqshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, tajribali mutaxassislar, doktorant va ilmiy izlanuvchilar fikr-mulohazalarini bildirdi.
B.Meliqulova, O‘zA