Konstitutsiyaviy islohotlar: O‘zbekiston – ijtimoiy davlat
Buxoroda “Konstitutsiyaviy islohot ustuvorliklari: O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul xodimlari va vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, respublika davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ilmiy va ta’lim muassasalari ekspertlari qatnashdi.
Tadbir Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan aholiga davlatimizning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘zgaruvchan rolini, uning ijtimoiy sohani boshqarishdagi vazifalari va mas’uliyatini tushuntirish, shuningdek, ijtimoiy davlatning o‘zbek modelini, uning shakllanishi va keyingi rivojlanish xususiyatlarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiya ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, ya’ni eng avvalo, inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilinganini ta’kidladi.
–Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Asosiy qonunimizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni mustahkamlashni taklif etaman. Chunki “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ushbu g‘oyaning tub negizida ham avvalo, inson qadrini ulug‘lash, insonga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassamdir”, deb ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston sharoitida yangilanayotgan Konstitutsiyamizning eng muhim jihatlari inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda demokratik huquqiy davlat qurish bilan bog‘liq o‘zgarishlar bilan muhim ahamiyatga ega. Bu borada yangilayotgan Konstitutsiyamizda ijtimoiy davlat tamoyiliga oid normalarni yanada mustahkamlanishi, xususan, sifatli ta’lim va tibbiy xizmat, fuqarolarimizning ijtimoiy ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi tizimini yaratish, ishsizlikdan himoyalanish, uy-joyga ega bo‘lishga qaratilgan qoidalarni yanada takomillashtirilishi bilan bog‘liqdir. Butun respublikada bo‘lgani kabi biz ham Buxoro viloyatida ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha ulkan marralarni belgilab olganmiz, – dedi Botir Zaripov.
–Yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”dir. Mamlakatimiz tarixida birinchi marta O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanadi, – deydi davra suhbati moderatori, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obil Hakimov. – O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish yo‘lidan dadil ketayotganini hisobga olib, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili konstitutsiyaviy norma sifatida belgilanmoqda.
Davra suhbatida “Ijtimoiy davlatning konstitutsiyaviy asoslari”, “Kambag‘allikni qisqartirish – ijtimoiy davlatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir”, “Maktabgacha va maktab ta’limi tizimini isloh qilish va yanada rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslari”, “Malakali tibbiy yordam ko‘rsatishning konstitutsiyaviy kafolatlarini takomillashtirish”, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahririda Internet tarmog‘idan foydalanish masalasi to‘g‘risida”, “Yoshlar huquqlarini rivojlantirish va ta’minlash – davlat ijtimoiy siyosatini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida” mavzularida ma’ruzalari tinglandi.
Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar, avvalo, inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoya va iqtisodiy farovonlik kafolatlari asosiy qonun darajasida mustahkamlanadigan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgani qayd etildi.
Davra suhbati ishtirokchilari ijtimoiy davlat O‘zbekiston uchun eng maqbul davlat ekanligini, uning vazifasi inson uchun munosib turmush sharoitini yaratish, bunda fuqarolar va umuman xalqning manfaatlari va ehtiyojlari jamiyat hayotini o‘zgartirishda asosiy ustuvor vazifa ekanligini ta’kidlashdi.
Ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish va bu maqomni Konstitutsiyada mustahkamlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.Konstitutsiyaning yangi tahriridagi taklif etilayotgan normalarning yarmidan ko‘pi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar ijtimoiy davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi sifatida sog‘liqni saqlashni rivojlantirish bosqichlari, maktabgacha va maktab ta’limi tizimini isloh qilish va rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslari, Konstitutsiyada o‘qituvchi maqomini mustahkamlash, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlardan kutish va davlat oldida turgan uzoq muddatli vazifalarni muhokama qildi.
[gallery-11223]
Eng muhim takliflar qatorida ushbu konstitutsiyaviy normaning mustahkamlanishi davlat va jamiyat oldiga hali bajarilishi kerak bo‘lgan jiddiy vazifalarni qo‘yayotganiga e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar uchrashuv yakunlarini sarhisob qilar ekan, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilining bo‘lajak referendumda konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlanishi mamlakatimiz uchun eng muhim siyosiy voqea bo‘lishini ta’kidladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA