Konstitutsiyani takomillashtirish davr talabi
Buxoro Davlat universitetining pedagogika institutida O’zLiDeP Buxoro viloyati Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda partiya faollari, deputatlar, Kengash mas’ul xodimlari, institutning bir guruh professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirni partiya viloyat Kengashi raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Farmon Aminov boshqardi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha tuzilgan milliy komissiya raisining o‘rinbosari Aktam Xaitov ishtirokchilar diqqat-e’tiborini joriy yilning 20 may kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tganligiga, unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va ko‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan milliy Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilganiga qaratdi.
[gallery-7446]
Ta’kidlanganidek, bu borada Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonini aholining keng qatlamiga tushuntirish, Bosh Qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda har bir O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, shu jumladan, BuxDU pedagogika institutining tajribali va bilimli professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlarining ham fikr va takliflari muhim ahamiyatga ega.
Yig‘ilishda Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab berganligini, “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyil ustuvorlik kasb etayotgani, bugungi ulkan o‘zgarishlar mamlakatimizdagi o‘rta sinfning asosini tashkil qiluvchi siyosiy kuch O’zLiDeP elektorati manfaatlariga ham to‘la mos kelishi, partiya dasturida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, or-nomusi, ehtiyojlari va manfaatlariga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi.
Talaba-yoshlarga konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari tushuntirib berildi. Mazkur jarayonda talaba - yoshlarning ham fikr va takliflari muhim ahamiyatga ega ekanligi aytildi.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat markazidagi “Ideal lift” MCHJ rahbari, Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati Komiljon Qudratov mavzu yuzasidan so‘z yuritar ekan, xususiy mulk daxlsizligini Asosiy Qonunimizda qat’iy belgilash, xususiy mulk daxlsizligi kafolatini kuchaytirish borasidagi o‘z takliflarini bayon etdi.
Shuningdek, institut direktori M.Daminov tomonidan intellektual mulk egalariga yaratgan ixtirosi uchun to‘lanadigan mablag‘ning bir qismini ixtiro muallifining o‘ziga to‘lanishi bo‘yicha o‘rinli bir taklif bildirildi. Mazkur institutning maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabasi Lobar Olimova yurtimizda “O‘zbekiston tadbirkorlari” jurnalini tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lishini aytib o‘tdi. Institut maktabgacha ta’lim yo‘nalishining yana bir talabasi Ziyoda Hamdamova tomonidan bildirilgan taklifda esa endilikda tadbirkorlikning asosiy tarmog‘i hisoblangan xizmat ko‘rsatish turlarini ilmiy jihatdan tadqiq etishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasini tashkil etish zarurati tug‘ilganligi ma’lum qilindi. Institut tarix fakulteti talabasi Maxsuma Samadova tomonidan bildirilgan taklifni ham davra suhbati qatnashchilari iliq kutib oldi. Ushbu taklifda jumladan, oliy o‘quv yurtlarida Yangi O‘zbekiston tadbirkorlari hayoti va ish faoliyatini targ‘ib qiluvchi, yoshlarning tadbirkorlikka qiziqishini kuchaytirishga xizmat qiladigan dars soatlarini o‘quv dasturlariga kiritish davr talabiga aylanganligi o‘z ifodasini topgan.
Aktam Xaitov yoshlar va ularning ustozlari tomonidan bildirilgan takliflarning aksariyati o‘rinli va to‘la asosli ekanligini ta’kidladi. Tadbir tashkilotchilari va faol ishtirokchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi. Konstitutsiyamiz loyihasini har tomonlama puxta ishlab chiqish hamda uni umumxalq muhokamasiga qo‘yishda partiya elektorati, yosh avlod va turli soha vakillari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan tegishli tadbirlar davomida bildirilayotgan takliflar albatta inobatga olinishini ma’lum qildi.
Davra suhbati ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga tashkilotchilar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA