Konstitutsiyamizning 31 yilligi keng nishonlanmoqda
Jizzax viloyati hokimligi anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligiga bag‘ishlab bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, viloyat, shahar, tuman hokimliklari, nuroniylar, mehnat faxriylari, sektorlar, huquq-tartibot idoralari, korxona, tashkilot, muassasa, mahalla rahbarlari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vosmitalarining vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirini viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi Ergash Saliyev ochib, viloyat ahlini bayram bilan qutladi.
– Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ro‘y berayotgan barcha o‘zgarish va yangilanishlar asosi, milliy qonunchiligimiz poydevori bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jahon hamjamiyatida zamonaviy demokratik qonunchilik namunasi sifatida e’tirof etilmoqda, –dedi viloyat rahbari o‘z nutqida.
O‘tgan 31 yil mobaynida Konstititutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida Bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, joriy yilning 30 aprelida bo‘lib o‘tgan referendumda Konstitutsiya 65 foizga yangilandi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning Bosh qonuni bugun va kelajak hayotimizni belgilab beruvchi mukammal hujjatga aylandi.
Darhaqiqat, Bosh qomusimizning 31 yilligi ulkan o‘zgarishlar, zalvorli islohotlar davrida nishonlanmoqda. Xalqimiz xohish-istaklari va takliflari asosida mamlakatimizni rivojlantirishning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi. Viloyat hokimi bu tarixiy hujjatga alohida to‘xtalib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalish va vazifalar esa Konstitutsiyada bayon etilgan demokratiya va insonparvarlik, xalqchillikka sug‘orilgan me’yorlarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan bo‘lib, Bosh qomusimizda mujassam bo‘lgan ezgu g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishning o‘ziga xos mexanizmi bo‘lib qoladi”, deya ta’kidladi.
Jizzax mahallalarini obod qilish maqsadida so‘nggi olti yarim yilda 7 trilliondan ziyod mablag‘ sarflandi. Jumladan, 700 kilometrdan ziyod suv tarmoqlari o‘tkazilib, 250 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, 6 ming 500 oilani qulay va shinam xonadon bilan ta’minlash maqsadida 2 trillion so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
[gallery-14956]
Eng muhimi, aholining turmush sharoiti keskin yaxshilandi, odamlarda ertangi kunga, islohotlarimizga ishonchi ortdi. Bugun yurtdoshlarimizning har biri “hayotimda ijobiy o‘zgarish bo‘lmoqda”, deb ayta oladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga borib Jizzax viloyati aholisi 1 million 800 mingdan ortishi kutilmoqda. Shu bois, kelgusi yetti yilda odamlarimizga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirish bo‘yicha puxta rejalar ishlab chiqdik. Xususan, 400 ta yangi bog‘cha tashkil etish hisobiga viloyatda maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanib, qamrov 100 foizga yetkaziladi.
2030 yilga qadar, yangi maktablar qurish, mavjudlarining quvvatini oshirish, shuningdek, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 75 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Natijada birorta tumanda 30 nafardan ko‘p bola o‘qiydigan maktab sinflari qolmaydi. Barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinfi, interaktiv doska va o‘quv laboratoriyasi bilan jihozlanadi.
Bulardan tashqari, kelgusi yetti yilda 85 ta tibbiyot muassasasi quriladi va ta’mirlanadi. Jumladan, allergologiya, urologiya, neyroxirurgiya kabi 12 ta ixtisoslashgan markaz filiallari ishga tushiriladi. G‘allaorol va Paxtakorda tumanlararo perinatal markazlar ochiladi. Bundan tashqari, viloyatda bolalar yurak jarrohligi yo‘lga qo‘yiladi. Buning hisobiga har yili 500 nafardan ziyod yuragida nuqsoni bor bolalarda murakkab operatsiyalar o‘tkaziladi.
Odamlarimizning uy-joyga ehtiyojini ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar 25 ming oilaga mo‘ljallangan 500 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi. Viloyatda eng dolzarb bo‘lgan ichimlik suvi masalasiga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Kelgusi yilda Zarafshon daryosidan 160 kilometr magistral quvurini tortish hisobiga Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahridagi 600 ming aholining suv ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 100 ta mahallada 2 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari o‘tkaziladi. Natijada 320 ming aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Umuman, 2030 yilga qadar viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti 90 foizga yetadi. Shu bilan birga, kelgusi yetti yilda 3 ming kilometr ichki yo‘llar, 90 ta ko‘prik quriladi va ta’mirlanadi, buning hisobiga 300 ming aholiga qulayliklar yaratiladi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 31 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Tadbir so‘nggida namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga bayram kayfiyati ulashdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari