Konstitutsiya – yorug‘ kelajagimiz kafolati
"Konstitutsiya – buyuk kelajagimizning huquqiy kafolati" mavzuidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda huquqshunos olimlar, o‘qituvchilar, jamoatchilik vakillari, san’atkorlar, jurnalistlar va talabalar ishtirok etdi.
Bosh qomusimiz qabul qilinganining 24-yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorligida tashkil etilgan "Konstitutsiya – buyuk kelajagimizning huquqiy kafolati" mavzuidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda huquqshunos olimlar, o‘qituvchilar, jamoatchilik vakillari, san’atkorlar, jurnalistlar va talabalar ishtirok etdi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri Sh.Zulfiqorov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti o‘qituvchisi A.Xidirov va boshqalar Bosh qomusimiz mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati asoslarini rivojlantirish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish, «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilini amalga tatbiq etishda mustahkam huquqiy asos bo‘layotganini ta’kidladi. Unda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarida mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklari, uning hayoti, daxlsizligi, qadr-qimmati va boshqa qonuniy manfaatlari himoya qilingani muhim ahamiyat kasb etadi.
«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati», «Konstitutsiya – suveren va demokratik davlat poydevori», «Konstitutsiya va ma’naviyat» kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
– Konstitutsiya mamlakatimiz taraqqiyotida beqiyos o‘rin tutmoqda, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Azizbek Ramazonov. – Bosh qomusimizning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekani ko‘rsatilgani, umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlangani yosh avlodning iqtidoru salohiyatini namoyon etishida katta imkoniyatdir. Bugungi tadbirda ishtirok etgan yoshlarning faolligi, huquqiy bilimga ega ekani va qiziqishi, ilmga chanqoqligi ham ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar samarasidir.
Tadbirda Vatan, do‘stlik, birdamlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.