Konstitutsiya – xalq irodasi ifodasi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Konstitutsiya – xalq irodasining ifodasi” mavzusida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, Ichki ishlar xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
– Konstitutsiyaviy qonun loyihasida insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi belgilanyapti, – deydi tadbirda so‘zga chiqqan Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Marhabo Pardayeva. – Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Shuningdek, qonunda nazarda tutilgan pensiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy yordamning miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligi aniq ko‘rsatilmoqda, fuqarolar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan bepul olishga haqli ekani qat’iy o‘rnatilmoqda.
[gallery-11412]
– Mustaqil taraqqiyotimizning hozirgi davrida mamlakat ijtimoiy hayotining barcha sohalari qatori davlat hokimiyati va boshqaruvi sohasida ham yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni, siyosiy barqarorlikni, ijtimoiy totuvlikni, iqtisodiy taraqqiyotni, fuqarolar huquq va erkinliklarining himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq keng qamrovli islohot va modernizatsiya jarayonlari davom etmoqda, – deydi Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Halim Safarov. – Bu jarayonlar, yurtboshimiz tomonidan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida” belgilab berilganidek, o‘ta muhim bir maqsadga, ya’ni hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyati vakolatlari hamda nazorat funksiyalarini kuchaytirish, sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha g‘oyat dolzarb chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Biz mustaqil taraqqiyotimiz davrida iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda qanday ulkan yutuqlarga erishgan bo‘lsak, ularning barchasiga Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga og‘ishmay amal qilganimiz tufayli bo‘ldi. Ular mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun ustuvorligining amaldagi ifodasidir. Shunday ekan, o‘z huquq va erkinliklarimiz qonuniy asosiga befarq bo‘lmasligimiz shart.
Targ‘ibot tadbiri davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA