“Konstitutsiya va yoshlar” mavzusida uchrashuv
Davlatimiz Bosh qomusi — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan joylarda, tashkilot va muassasalarda turli tadbirlar, uchrashuv hamda davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Xususan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan Toshkent xalqaro universitetida Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Konstitutsiya va yoshlar” mavzusida talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida konstitutsion islohotlar, xalqaro standartlar asosida o‘tgan saylov jarayonlari, yoshlarga oid davlat siyosati, erkin va farovon jamiyat qurish yo‘lidagi ildam harakatlar muhokama qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya “Inson – jamiyat – davlat” paradigmasiga asoslangani, shuningdek, ijtimoiy davlat, inson huquqlari, odil sudlov, xususiy mulk daxlsizligi kabi ustuvor g‘oyalarga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.


O‘z navbatida talaba yoshlarning ham fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar yoshlarning Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lidagi islohotlar mazmun-mohiyatini anglab yetishlarida hamda huquqiy ong va madaniyatini rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova, O‘zA