Konstitutsiya – farovon hayotimiz kafolati
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyati bo‘limi, viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV Navoiy akademik litseyi hamkorligida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Konstitutsiya – yuksak taraqqiyotimiz, farovon hayotimiz kafolati!” mavzusida bayram tadbiri tashkil etildi.
Akademik litsey binosida bo‘lib o‘tgan tadbirda bosh Qomusimiz haqida so‘z yuritilib, u haqiqatan ham demokratik Konstitutsiya ekanligi qayd etilib, umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlar va xalqaro andozalarni o‘zida mujassam etganligi bilan ahamiyatlidir.

Darhaqiqat, Konstitutsiyamiz eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan. Bunda eng ilg‘or xorijiy konstitutsiyaviy tajribalarni o‘rganilib, Konstitutsiya loyihasi nufuzli xalqaro tashkilotlar va demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o‘tkazildi.
Tadbirda turli adabiyotlardan iborat kitoblar yarmarkasi, qurol-aslahalar ko‘rgazmasi hamda 5 ta muhim tashabbus doirasida ijodkor yoshlar ishtirokida rasmlar tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Faol ishtirok etgan o‘quvchilar viloyat Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limining “Tashakkurnoma”si va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining Qonstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligiga bag‘ishlab “Konstitutsiya – qonunlar hokimiyati” shiori ostida ma’rifiy-huquqiy tadbir tashkil etildi.
14-umumta’lim maktabida Navoiy shahar Adliya bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Janubiy” MFY faollari, Ijtimoiy-huquqiy yordam markazi xodimlari, Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari, talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev so‘zga chiqib, davlatimizning asosiy qonuni –Konstitutsiyamizning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi.
– Bosh qomusimiz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish, ta’lim, fan, madaniyat hamda ma’naviyat rivojida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir, – deydi Faxriddin Soliyev. – bugungi tadbirda mazkur hujjatda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlangani, yoshlarning ongi va qalbida Konstitutsiyamizga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik, mas’uliyat hissini yanada kuchaytirish masalalari xususida erkin suhbat qilindi. Ana shu g‘oyalarni yoshlarimizga singdirish barobarida ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish har birimizning burchimiz bo‘lmog‘i lozim.
Tadbir davomida Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi, uning demokratik-huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, bosh Qomusimizning xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga mosligi haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbirda o‘quvchi-yoshlar tomonidan ijro etilgan Vatanni, mustaqillikni madh etuvchi she’rlar, sahnaviy chiqishlar barchaga manzur bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan namunali hulqi, o‘qishdagi a’lo baholari uchun maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari hamda Navoiy shahar “Janubiy” MFY hududida istiqomat qiluvchi aholi o‘rtasida huquqiy-ma’rifiy g‘oyalarni targ‘ib qilishda faolligi uchun bir guruh mahalla faollari “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA