Konstitutsiya – farovon hayot garovi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Konstitutsiya – farovon hayot garovidir” mavzuida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konstitutsiya qabul qilinganining 28 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda parlament a’zolari bilan bir qatorda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti vakillari, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, siyosiy partiyalar faollari va jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston parlamentiga so‘nggi yillarda yangi va haqiqiy vakolatlar berildiki, bular ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish, davlat va jamiyatni rivojlantirishning strategik yo‘llarini belgilashda parlamentning ishtiroki samaradorligini oshirish imkoniyatini yaratayotir. Bugun parlament demokratik va kollegial tarzda ishlashning eng yaxshi namunalarini namoyish etmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ochiq va erkin fikr bildirish muhitini yaratishga hissa qo‘shmoqda.
Tadbirda keyingi paytlarda Bosh qomusimizga bir qator muhim o‘zgartirishlar kiritilgani, bu o‘z navbatida, mamlakat hayotining barcha sohalarida keng qamrovli islohotlarning bosqichma-bosqich, tizimli amalga oshirilishida dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
– Asosiy qonunimizda buyuk ne’matlar orasida eng ulug‘i – “inson uchun” degan g‘oya ilgari surilib, uni ulug‘lash, uning erkin kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish o‘z aksini topgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Donyor G‘aniyev. – Boshqacha aytganda, “fuqaro-jamiyat-davlat” o‘rtasidagi izchil hamkorlikning huquqiy yechimi asoslab berilgan. Shunday ekan, sizu biz o‘z huquq va erkinliklarimizga ega bo‘lishimiz bilan bir qatorda, o‘z burchlarimizni ham unutmasligimiz lozim. Lekin afsuski, ko‘p fuqarolarimiz o‘zlarining huquq, erkinlik va burchlari mohiyatini to‘la anglab yetmay, ulardan foydalanmaydi, o‘z burchlarini to‘laligicha ado etmaydi. Holbuki, Bosh qomusimiz xalqaro huquq normalariga to‘la mos keladi, o‘zida qadimiy an’analarimiz, mentalitetimizga mos jihatlarni aks ettiradi.
Konferensiyada quyi palataga saylangan yosh deputatlar hamda soha mutaxassislarining ma’ruzalari tinglandi. Ularda asosiy e’tibor huquq va erkinliklarimiz kafolati, inson manfaatlari poydevori bo‘lgan Konstitutsiyaning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati, barcha sohalar qatorida ilm-fanni rivojlantirishdagi roliga qaratildi. Ayniqsa, asosiy qonunimizni chuqur o‘rganish, unga qat’iy amal qilish, undagi umuminsoniy qadriyatlarni yosh avlod qalbiga singdirish zarurligi ta’kidlandi.
Mohinur Qudratullayeva, O‘zA