Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida yana bir muhim sana, Bosh qomusimiz qabul qilingan kunga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Joriy yilgi bayram Prezidentimizning 2024 yil 17 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan dasturga muvofiq, “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” nomli ezgu g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.

Barcha joylarda bo‘lgani kabi Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi hamda uning shahar, tuman bo‘limlarida uchrashuv va muloqotlar, davra suhbati, aholining huquqiy madaniyatini yanada oshirishga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, viloyat boshqarmasida o‘tkazilgan tadbir ham yangilangan Bosh qomusimiz, uning mazmun mohiyatiga bag‘ishlandi. Uchrashuvga taklif etilgan Namangan davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Baxtiyor Ishoqov bosh qomusimizning mazmun-mohiyati, uning hayotimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, Yangi O‘zbekistonda keyingi yillarda qo‘lga kiritilgan yutuqlarda bosh omil ekanligini alohida ta’kidladi.
Ayniqsa, Konstitutsiya xalqimiz irodasini o‘zida ifoda etib, mamlakatimiz mustaqilligi, huquq va erkinliklarimiz, burch va majburiyatlarimizning qonuniy asosi, mustahkam kafolati ekani qayd qilindi. Davra suhbati davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA