Konimexda ustozlar mehnati e’tirof etildi
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Konimex tumani madaniyat markazida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda tuman hokimligi va jamoat tashkilotlari vakillari, ta’lim muassasalari rahbarlari, faxriy ustozlar hamda soha xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev so‘zga chiqib, ta’lim sohasi vakillarini kasb bayrami bilan tabrikladi. O‘qituvchi va murabbiylarning yosh avlodni bilimli, ma’naviyatli va vatanparvar etib tarbiyalashdagi mehnati, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
[gallery-31694]
Shuningdek, O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida faolligi, mehnatsevarligi va tashabbuskorligi bilan alohida o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan bir guruh xodimlarga tuman hokimining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbirida ustozlarga hurmat va ehtirom ruhida samimiy tilaklar bildirilib, ularning sharafli va mas’uliyatli mehnati e’tirof etildi.
Tadbirning badiiy qismida tuman madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Siroj ASLONOV(surat),O‘zA