«Ko‘ngil yelkani» kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida shoir Suhrob Ziyoning «Ko‘ngil yelkani» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, adabiyotshunos olimlar va she’riyat ixlosmandlari ishtirok etgan tadbirda yangi kitob haqida iliq fikrlar bildirildi. She’riyat, so‘zni his qilish mas’uliyati haqida so‘z bordi.
- Shoirdan ko‘p narsa talab qilish noto‘g‘ri, - deydi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldosh. - U boricha, rost, ko‘ngli nimani buyursa yozsin. Bugun dunyoni she’riyat qutqarmaydi. She’riyat bilan to‘ntarish qiladigan, butun dunyoni o‘zgartirib yuboradigan zamonlar o‘tdi. Bugun butun insoniyat maishiy muammolarga o‘ralashib qolgan, o‘zining bir hovuch dardiga o‘ralib yotibdi. Shoir she’rlari orqali insoniyatni ana shu kichik dardlaridan chalg‘itish kerak. Bu unsurni Suhrob she’riyatida kuzatdim. U o‘zining topilmalari bilan o‘qirmonni o‘ziga jalb qiladi. Hozir hamma narsani aytish mumkin. Har baloni yozib so‘zni uvol qilayotganlar yetadi, shoirlar qalbni poklaydigan narsalarni yozishi kerak.
- Ayni kunda Afg‘onistonda notinchlik, - deydi Suhrob Ziyo. - Qo‘limiz duoda, ularga tinchlik tilaymiz. Bu kayfiyatda taqdimot ham ko‘ngilga sig‘maydi. Adabiyot o‘z oldiga bir davlatni yuksaltirishni, boshqa bir davlatni tinchlantirishni qo‘ymaydi. Ammo u doim qalb halovati uchun kurashadi. Bir shoir bo‘lib insonlar qalbiga halovat ulashish, ularga ma’naviy ruh baxsh etish menga kuch baxsh etadi. Ushbu ikkinchi kitobimga shu mazmundagi she’rlarim kiritilgan.
«Ko‘ngil yelkani» shoir Mansur Jumayev muharrirligida «Zilol buloq» nashriyoti tomonidan ming nusxada chop etilgan.
D. Mamatova, O‘zA