Konferensiyada delegatlar tarkibi tasdiqlandi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari VII konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayoni, partiyaning munosib ishtiroki, partiyaning VII S’ezdiga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashidan delegatlar saylash kabi masalalar muhokama qilindi.
Joriy yilda mamlakatimiz va xalqimiz hayotida katta siyosiy tadbir – Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu muhim siyosiy kompaniyada siyosiy partiyalarning faolligi saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora o‘tkazilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan barcha siyosiy partiyalar qatori O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun maxsus guvohnoma taqdim etildi. Shundan so‘ng partiyaning barcha hududiy kengashlari qatorida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashida ham saylovga tayyorgarlik ishlari yanada qizg‘in tus oldi.
[gallery-3545]
Dastlab tuman Kengashida faoliyat yurituvchi xodimlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, saylov qonunchiligidagi yangiliklardan xabardorligini oshirishga doir o‘quvlar tashkil etildi. Shu bilan birga tuman Kengashlari tomonidan Plenum, Boshlang‘ich partiya tashkiloti yig‘ilishlari, Konferensiyalar o‘tkazilib, Toshkent shahar Konferensiyasiga delegatlar saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashga doir imzolar to‘plash ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlar jarayonida aholining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi yuzasidan tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Konferensiyada partiyaning VII Se’zdiga Toshkent shahar Kengashidan 12 nafar delegat saylash masalasi ko‘rib chiqildi va delegatlar tarkibi tasdiqlandi.
Shuningdek, Konferensiya kun tartibida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi a’zolarining tarkibiga Konferensiyalar oralig‘idagi davrda kiritilgan o‘zgartirishlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi Nazorat-taftish komissiyasining 2019-2021 yillardagi faoliyati yuzasidan axboroti to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA