Konferensiya: O‘zbekiston maktablarida STE(A)M – buguni va ertasi
O‘zbekiston iqtisodiyotini yuksaltirishda mamlakat aholisining 60 foizini tashkil etuvchi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ta’lim olishiga ko‘proq investitsiya kiritish kelajak uchun muhim qadam bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Bu bilan mamlakat nafaqat yoshlarni ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini oshiradi, balki, yanada samarali, innovatsion va inklyuziv o‘sish uchun poydevor yaratadi.
Xalqaro ekspertlar STE(A)M ta’limini mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga kerak bo‘ladigan kelajak avlodni tarbiyalashda, ularda XXI asr ko‘nikmalari – talabalarda tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish, ijodkorlik, tanqidiy tahlil, jamoada ishlash va tashabbuskorlikni rivojlantirishda juda katta rol o‘ynashi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Xo‘sh, bu sohada O‘zbekiston maktablarida vaziyat qanday?
Prezidentning 2019 yil 29 martda “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni imzolangan edi. Farmon asosida STEM ta’limiga asoslangan Prezident maktablarini barpo etish, yangi o‘quv dasturlari va ta’lim standartlarini ishlab chiqish, qolaversa, 2030 yilga borib PISA xalqaro baholash dasturida kuchli 30 ta davlat qatorida bo‘lish kabi vazifalar belgilangan.

Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti hamda AQSHning Shimoliy Jorjiya universiteti hamkorligida “Maktablarda STE(A)M va liderlik” loyihasi amalga oshirildi.
Mazkur loyiha doirasida ingliz tilida so‘zlasha oladigan 26 nafar umumta’lim maktab rahbarlari 12 haftalik onlayn va 2 haftalik oflayn shakldagi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi, STE(A)M fanlarini maktablarga joriy etish va liderlik bilim-ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Keyinchalik, institutning mazkur loyihasi materiallari asosida so‘rovga asoslangan ta’lim, loyihaga asoslangan ta’lim, keys-muammoli vaziyatlarga asoslangan ta’lim, fanlar integratsiyasi kabi STE(A)M texnologiyalari asosida jami 16 ta videodars ishlab chiqildi va “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasiga yuklandi.
Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiyalar, texnologiyalar, strategiya va innovatsiyalar (ITSM) markazi ham ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida faol ish olib bormoqda va mamlakatda ushbu ta’limni takomillashtirishga katta e’tibor qaratmoqda.
Xususan, “O‘zbekistonda STEM maktabi” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 28 ta maktab (har bir viloyatdan 2 ta maktab) STEM maktablari sifatida tanlab olindi.

Bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risidagi axborotlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti, AQSHning Shimoliy Jorjiya universiteti hamda Innovatsiya, Texnologiya, Strategiya Markazi (ITSM) bilan hamkorlikda "O‘zbekiston maktablarida STE(A)M: buguni va ertasi" mazusida xalqaro onlayn konferensiya o‘tkazildi.
Konferetsiyada soha vakillari, professorlar hamda mamlakatimiz umumta’lim maktabi direktorlari ishtirok etdi.
Unda A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va Innovatsiya, Texnologiya, Strategiya Markazi (ITSM) tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, “Maktablarda liderlik va STE(A)M” loyihasi doirasida maktab direktorlarining psixologik portretini ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqot natijalari e’lon qilindi.
Shuningdek, STEM maktablari o‘qituvchilari uchun mahorat darslari o‘tkazish va o‘z maktablarida mazkur ta’limni tashkil etish va boshqarish bo‘yicha maktab direktorlarining bilim-salohiyatlarini oshirish borasida fikr almashildi.
O‘zA