Komissiyaning faoliyati tahlil etildi
Buxoro viloyati hokimligida viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirokida “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish, soliq qonunchiligi va bu borada amalga oshirilayotgan dolzarb chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat soliq inspeksiyasi, tijorat banklari, moliya-iqtisodiyot tarmoqlari mutasaddilari qatnashdi.
Buxoro viloyati bo‘yicha 2024 yilda soliq ob’ektlarini to‘liq hisobga olish va soliq solish bazasini kengaytirish, foydalanilmayotgan zaxiralarni safarbar qilish orqali 9 ta yo‘nalishda qiymati 1 trillion 202 million so‘m qo‘shimcha daromadlarni byudjetga jalb qilish imkoni mavjudligi aniqlangan. Bu bo‘yicha “Yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, ijroga qaratilgan va 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ bo‘yicha qayta hisobot topshirilgan va byudjetga undirilgan.

Shundan kelib chiqib yig‘ilishda barcha hududdagi savdo majmualari, do‘konlarda chek bermaslik, savdo tushumlarini hisobga olmaslik orqali daromadlarni yashirish hamda raqobat qoidalarini chetlab o‘tib haqiqiy aylanmani kamaytirib ko‘rsatish holatlariga barham berish zarurligi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamovning ma’ruzasi tinglandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari – Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Sohibnazarov ishtirok etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri