Koloniya atrofida yangi Ekologlar bog‘i barpo etildi
Ma’lumki, yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi”, deb e’lon qilindi. Loyihaning ushbu mavsumida 85 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Shu bois joylarda turli tashkilot va idoralar vakillari, faollar ishtirokida ko‘chat va daraxt ekish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar kengashi, Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi, Qonunchilik palatasidagi Ekopartiya fraksiyasi hamda Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamenti birinchi mintaqaviy hudud 1-son tergov hibsxonasi vakillari birgalikda Zangiota tumanida daraxt ekish aksiyasini o‘tkazdi.

Jumladan, tadbirda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Batir Matmuratov, Qonunchilik palatasi deputati Navro‘zbek Yusupov, Ekopartiya Toshkent shahar kengashi raisi Sevara Fayziyeva, 1-son tergov hibsxonasi boshlig‘i polkovnik Eshqobil Dusanov, O‘zbekiston ekologik harakati vakillari va 1-son tergov hibsxonasi xodimlari ishtirok etdi.

“Yashil makon” doirasida koloniya atrofidagi 2,5 gektar maydonga jami 5 ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Mazkur tadbirda 2000 ta terak ekilib, yangi Ekologlar bog‘i barpo etildi.
— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoygan “Yashil makon” loyihasi ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi deputat N.Yusupov. — Yashillik yerdagi hayotning davom etishida, sog‘lom muhit, insonlarning uzoq umr ko‘rishi, atrof-muhit musaffoligida hal qiluvchi omildir. Ayniqsa, mintaqamizda cho‘llanish ortib borayotgan, atmosfera tarkibi buzilayotgan bir paytda yashil hududlarni ko‘paytirish eng oqilona yechim hisoblanadi. Shuning uchun bu boradagi umummilliy harakatga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim.
M.Komilova,
O‘zA