Ko‘hna va boqiy Buxoro bayram og‘ushida
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida Buxoro viloyatida keng nishonlandi.
Bayram tadbiri istiqlol tarannum etilgan badiiy-musiqiy, teatrlashtirilgan dastur bilan boshlandi. O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlaridan taklif etilgan davlat, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan buxoroliklar, mehnat faxriylari, harbiylar, faol yoshlar ishtirokida o‘tgan bayram tadbirida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov barchani mustaqillikning o‘ttiz uch yillik to‘yi bilan muborakbod etdi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda, xususan, viloyatda qurilish, bunyodkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qo‘yingki, jamiyat ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilganligini ta’kidladi.
Buxoroliklar ham mustaqilligimizning qutlug‘ o‘ttiz uch yilligini munosib to‘yonalar bilan qarshi olmoqda. Xususan, bayram arafasida viloyatning turli go‘shalarida o‘nlab yangi ishlab chiqarish ob’ektlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim maskanlari, zamonaviy va shinam turarjoylar qurib bitkazilmoqda.
Albatta, barchamizni xursand qiladigan bunday o‘zgarishlar o‘nlab, yuzlab oilalar hayotiga shodlik va baxt olib kelmoqda. Hech shubhasiz, hayotda mana shunday quvonchli voqealar yuz berganda insonning qaddi ham, qadri ham ko‘tariladi. Bunday damlarda shak-shubhasiz, yurtimizdagi o‘zgarish va yangilanishlarni o‘z hayoti misolida his qilayotgan odamlar haqiqat va adolat borligiga, turmushida yangilanish ro‘y berayotganiga ishonadi. Istiqlol Vatanimizni, xalqimizni eski mustabid tizim kishanlaridan ozod qilgani, milliy demokratik davlat qurish, barcha mamlakatlar va xalqlar bilan teng bo‘lib, farovon hayot barpo etish yo‘lini ochib bergani bilan qadrli va mo‘’tabardir.
Mamlakatimiz Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Oradan hali qancha yillar, asrlar o‘tadi. Yurtimizda yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yo‘lida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz –jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, o‘chmas sahifa bo‘lib qoladi”.
Darhaqiqat, aynan mustaqillik toptalgan qadriyatlarimizni, dinu diyonatimizni, or nomusimizni tikladi. O‘zligimizni anglash, xalqimizning orzu-intilishlariga, milliy manfaatlariga javob beradigan kelajagimizni qurish yo‘lini ochib berdi.
Bu fikrning yaqqol tasdig‘ini birgina viloyatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniyat, turizm va sport hamda boshqa sohalarda erishgan yutuqlari misolida ham ko‘rish mumkin. Viloyatda turli jabhalarni o‘zida qamrab olgan dasturlar asosida aniq maqsadlar yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot 106,3 foizni tashkil etdi. 16,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Viloyatimizning eksport salohiyati oshib borayotgani barobarida joriy yilning o‘tgan sakkiz oyida hududiy korxonalar tomonidan xorijga 125 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulotlar eksport qilindi.
Prezidentimiz tomonlaridan 2024 yilni “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilingani munosabati bilan yoshlarimiz va tadbirkorlarimizga qulay mehnat sharoitlarini taqdim etish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Butun mamlakatimizni qamrab olgan yil dasturi doirasida viloyatda 450 dan ortiq mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda.
Qurilish-bunyodkorlik ishlari uchun ayni vaqtga qadar 1,5 trillion so‘m mablag‘ sarflandi. Buxoro viloyati hududidan o‘tuvchi umumfoydalanuvdagi hamda ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarida 150 milliard so‘mlik qayta qurish ishlari olib borildi.
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 21,5 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Shuningdek, xalqimizning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish maqsadida yuqori quvvatdagi shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo etildi.
[gallery-19028]
Aholining zamonaviy uy-joyga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida 25 mingta oilaga mo‘ljallangan 150 ta ko‘p qavatli turar joy binolari barpo etilmoqda.
Bayram dasturi so‘nggida buxorolik xonandalar, shuningdek, poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar yig‘ilganlarga bayram kayfiyatini ulashdi. Viloyat markazidagi so‘lim bog‘da bo‘lib o‘tgan tantana shukuhi qalblarga ko‘chdi. Yurtdoshlarimizga bayram shukuhini hadya etayotgan bu kabi tantanalar viloyatning barcha tuman va shaharlari, mahallalari, mehnat jamoalarida davom etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari