Ko‘chmanchi qushlarga mehr va e’tibor kerak
Ona tabiat bu – bizning umumiy uyimiz. Shu bois uni asrash, ayniqsa, parvoz go‘zalligini namoyon etuvchi ko‘chmanchi qushlarni muhofaza qilish har birimizning burchimizdir.
Namanganda Butunjahon ko‘chmanchi qushlar kuni munosabati bilan viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tashabbusi bilan Yosh ekologlar harakati faollari tomonidan viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablarida osmondagi jonivorlarni asrash va ularni e’zozlashning ahamiyati bo‘yicha qator targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.


“Tabiat va qushlarni birgalikda asraylik!” shoiri ostidagi tadbirlar davomida ishtirokchilarga tegishli mutaxassislar tarafidan qushlarning ekologik muvozanatdagi roli, parrandalarni yo‘qolib ketish xavfidan asrash zarurati, har bir insonning tabiatga mehr bilan munosabatda bo‘lishi lozimligi haqida tushunchalar berildi.

Yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr va g‘amxo‘rlik tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan mazkur targ‘ibot ishlari barcha yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA