Ko‘chat ekish ishlariga barcha faol qatnashmoqda
Mamlakatimizni yanada obod qilish, ko‘kalamzorlashtirish va ona tabiatni asrab-avaylash maqsadida yurtimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilingan. Ushbu aksiya doirasida Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi 1-sonli kasb-hunar maktabida viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tuman bo‘limi hamkorligida ko‘chat ekish tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda kasb-hunar maktabining bo‘sh turgan yer maydonlariga 300 tupdan ziyod mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi. Ezgu tashabbusda viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov ham qatnashdi.

– Xalqimiz azaldan bahorda yaxshi niyat bilan ko‘chat ekkan, kelgusi avlodlar uchun meros qoldirishga harakat qilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan bu loyiha zamirida ana shunday milliy an’analarimiz mujassam. Shu bilan birga, bu tadbir nafaqat korxona-muassasalarni obodonlashtirishga, balki yoshlarning tabiatga bo‘lgan muhabbatini oshirishga, atrof-muhitni asrab-avaylash va e’zozlash tuyg‘ularini shakllantirishga ham xizmat qiladi, – deydi kasb-hunar maktabi o‘qituvchisi Sherzodjon Tursunaliyev. – Jamoamiz a’zolari mamnuniyat bilan loyihada qatnashmoqda. Biz ekkan nihollar kun kelib katta daraxt bo‘lishini tasavvur qilib, qalbimiz faxr-iftixorga to‘lmoqda.

“Yashil makon” loyihasi doirasidagi aksiyalar boshqa shahar va tumanlarda ham davom etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA