Koʻz yoshlaring art, Sardobajon...
Osmon yana koʻz yosh toʻkmoqda...
Osmon yana koʻz yosh toʻkmoqda... Hamisha rizq-baraka, musaffolik timsoli boʻlib koʻngillarga umidvorlik hissini sochuvchi rohatbaxsh tomchilar bugun minglab yurtdoshlarimiz qalbidagi xavotirga, mahzunlikka hamohangdek...
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir boʻlgan toshqin tufayli koʻrilgan talofat koʻp sonli yurtdoshlarimizni chuqur tashvishga soldi, yoshu qari koʻnglida qandaydir tarzda yordam, koʻmak berish taraddudini paydo qildi.
Imkoni bor yurtdoshlarimiz, saxovatpesha insonlar esa shunday sinovli kunlarda boshiga yana bir falokat tushib, uysizlik, besaranjomlik, sarsonlik iskanjasida qolgan yurtdoshlarimizni tezroq qoʻllab-quvvatlashga oshiqdi.
Ushbu falokat yuz berganini eshitgan zahotim evakuatsiya qilingan keksa onaxonlar, otaxonlar, goʻdaklar, bolajonlar, homilador ayollarning iztirobi, tashvishi dilimga koʻchdi. Allohim, ularning mushkullarini, bergan sinovlaringni oson qil...
Bejiz xalqimiz suv balosidan, oʻt balosidan asra, deb duo qilmaydi, bejiz “qushning ham uyi buzilmasin”, degan soʻzlar bot-bot takrorlanmaydi. Toshqin ofati tufayli faqatgina uylarning shifti koʻrinib turgan videotasvirni koʻrarkanman, suv ostida qolgan qishloqlarning avvalgi manzarasi koʻz oldimda gavdalandi: koʻchalarni toʻldirib, oʻynab, chopqillab yurgan baxtiyor bolajonlar, daraxtlar soyasida dilbar suhbatlari qizigan duogoʻy otaxonlar, dalalarda oʻtlab yurgan qoʻy-qoʻzilar, govmishlarini sogʻayotgan ayollar, bolasining qornini toʻqlayotgan yosh onalar, dalasiga suv tarayotgan dehqonlar vatani boʻlgan soʻlim qishloqlar... Bexos kelgan ofat esa bir kunda barcha-barchasini barbod qildi, qoʻydi... Minglab insonlarning uylari, bino-inshootlari, mol-qoʻylari, ekinlariga, turli jamoat joylari, maktablar, bogʻchalar, maishiy xizmat binolari, doʻkonlar, bozorlaru mozorlarga ziyon yetdi.
Respublikamizda Prezidentimiz boshchiligida koronavirus tufayli kasallangan yurtdoshlarimizga, hatto karantin tufayli Oʻzbekistonda qolishiga toʻgʻri kelgan boshqa davlatlar fuqarolariga ham beminnat gʻamxoʻrliklar qilinayotganidan taʼsirlanib, keyingi kunlarda kasallanganlar sonidan koʻra sogʻayganlar soni keskin ortib borayotganidan biroz taskin topayotgan, ayni vaqtda esa boshqa yurtlarda ushbu kasallik tufayli halokatga uchrab yoki ming mashaqqatlar bilan baloga qarshi oʻz imkoni bilan kurashayotgan yurtdoshlarimiz taqdiriga qaygʻurayotgan qalblar sardobaliklar boshiga tushgan falokatdan qattiq larzaga tushdi.
Ayniqsa, yuz bergan fojea tufayli evakuatsiya qutqaruv ishlari chogʻida tezkor guruh tarkibidagi ikki nafar Milliy gvardiya xodimlarining qahramonlarcha halok boʻlgani, Vatan, xalq xizmatida aziz joni qurbon boʻlgan 31 yoshli serjant Husniddin Suyarovning vafoti juda ogʻriqlidir...
Prezidentimiz jabrlangan yurtdoshlarimiz huzurida ular bilan yonma-yon ekanini aytib, “Sizlar tinchimaguncha, xonadonlaringizni saranjom qilib bermagunimizcha, koʻplaringizni yangi uylarga koʻchirmagunimizcha men aslo tinchimayman, bu koʻrgulikni birgalikda yengamiz, tez kunlar ichida avvalgidan ham yaxshi sharoitlarga ega yangi shahar, yangi tuman, yangi koʻcha, yangi mahalla, yangi qishloqlar quramiz”, deb taskin berdi. Sardobaliklar tashvishi umumxalq tashvishiga aylangani, issiq uy-joylariga jabrlanganlarni chin dildan qabul etayotgani urush yillarida minglab evakuatsiya qilingan boshqa xalqlar vakillarini bagʻriga olgan xalqimizning oliy fazilatlarini yodga soldi. Ha, biz ana shunday oqibatli, joʻmard xalqning farzandimiz. Bu kunlar ortda qoladi, ammo saxovatli, fidoyi insonlarning beminnat yordamlari unutilmaydi, ikki dunyo saodati ularga yordir, inshaalloh.
Balo, yogʻma xalqim boshiga,
Quchogʻida goʻdaklari bor!
Al Buxoriy, Termiziylarning
Avlodlarin asramoq darkor!
Xalqim mening mehnatkash, halol,
Yuragida shiddat, shijoat!
Tunlarini tongga ulaydi,
Yaratganga aylab ibodat.
Katta-kichik gunohimizni
Yuvmoq uchun kelgan boʻlsang, qayt!
Ming istigʻfor dillarimizda,
Xalq gʻamiga boʻlmasmiz loqayd.
Sardobajon, koʻzyoshlaringni,
Suv balosi toʻkdi dafʼatan...
El birlashsa, chekinar gʻamlar,
Qara, yolgʻiz qoʻymaydi Vatan!
Halok boʻlgan mard oʻgʻlonlaring
Xotirasi haqqi-hurmati,
Allohimning marhamati keng,
Asrar Rosululloh (s.a.v) ummatin.
Saxovatli zotlar bor ekan,
Ortda qolar barcha koʻrgulik,
Zikr etilmish Xadis – sharifda
Ezgulikning ajri – ezgulik!
Koʻz yoshlaring art, Sardobajon,
Mening ham lim toʻldi paymonam!
Gʻaming butun xalqning gʻamidir,
Axir Vatan yaxlit, yagona!
Xurshida VAHOBJON qizi,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Andijon viloyat boʻlimi rahbari