Ko‘rkam qishloqlar, zamonaviy uylar
Bugun qishloq deganda, ko‘z oldimizda namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan zamonaviy massivlar gavdalanadi. 25-30-yil avval rejasiz, betartib qurilgan pana-pastqam loysuvoq uylardan iborat aholi punkti qishloq, deb atalardi.
Bugun qishloq deganda, ko‘z oldimizda namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan zamonaviy massivlar gavdalanadi. 25-30-yil avval rejasiz, betartib qurilgan pana-pastqam loysuvoq uylardan iborat aholi punkti qishloq, deb atalardi.Prezidentimizning 2009-yil 3-avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qishloqlarimizda bunyodkorlik ishlarining yangi bosqichini boshlab berdi.
Zamonaviy uy-joylar qurilishi ko‘lami Buxoro viloyatida ham tobora kengayib bormoqda. O‘tgan yili viloyatda 923 uy-joy foydalanishga topshirildi.
Uylarning o‘z vaqtida, loyihada belgilangan muddatlarda sifatli qurilishi ko‘plab omillar, jumladan, qurilish materiallari ta’minotiga ham bog‘liq.
– Qurilishda 60 dan ortiq turdagi material va ashyolardan foydalaniladi. Ularning bir qismi, masalan, sement, metall cherepitsalar, armatura, suv isitgich, qozon, eshik-rom, bo‘yoq va boshqalar bozordagidan arzon narxlarda markazlashtirilgan tartibda yetkazib beriladi, – deydi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi Buxoro viloyati filiali bosh muhandisi Husniddin Nurmuhamedov. – Bunga viloyatdagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham munosib hissa qo‘shmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan pishiq g‘isht, shlakoblok, qum-shag‘al, temir-beton mahsulotlari, isitish qozonlarining ayrim turlari, suvoq va pardozlash ashyolari yuqori sifati bilan ajralib turadi.
Buxoro viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2009-yil 19-iyundagi “Devorbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish va sifatini yaxshilash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘layotir.
“Buxoro qishloq qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqarayotgan pishiq g‘isht yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Korxonada o‘tgan yili 3,5 million donadan ziyod devorbop material ishlab chiqarildi. Olot, Romitan, Qorako‘l tumanlaridagi qurilish tashkilotlari subyektning asosiy buyurtmachilaridir. Korxonaning barqaror faoliyat yuritishida soliq imtiyozlari ham muhim o‘rin tutmoqda. Masalan, o‘tgan yili ana shu imtiyozlar tufayli bir necha o‘n million so‘m mablag‘ korxona ixtiyorida qoldi.
Energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlangan bunday korxonalar tomonidan o‘tgan yili viloyatda 114,4 million donadan ortiq devorbop material tayyorlandi. Ana shu mahsulotning 30 foizidan ortig‘i namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarga yetkazib berildi.
G‘ijduvon tumanidagi “G‘ijduvon texstroyprogress plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomyopma plitalar ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalardan biri. Umumiy qiymati 290 ming yevroga teng, xalqaro andozalarga javob beradigan texnologiyalar bilan modernizatsiya qilingan mazkur kichik biznes subyekti G‘ijduvon, Peshku, Shofirkon, Vobkent tumanlaridagi qurilish tashkilotlari, jumladan, uy-joylar bunyod etayotgan pudrat tashkilotlari buyurtmalarini o‘z vaqtida bajarib kelayotir.
– Temir-beton buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamiz o‘z faoliyatini kengaytirib, Buxoro shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida katta tajriba to‘plagan. Bu bizga bir necha yildan buyon namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarda uy-joy barpo etish loyihasida o‘z o‘rnimizni topishimizda qo‘l kelmoqda. Tomyopma materiallar va boshqa temir-beton mahsulotlarining korxonamizda ishlab chiqarilayotgani ta’minot barqarorligi, tejamkorlik jihatidan afzal, – deydi Buxoro shahridagi “Qurilish materiallari kombinati” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Toshpo‘lat Shodiyev. – O‘z ehtiyojimiz va buyurtmalar ko‘payayotganini inobatga olib, joriy yil oxiriga qadar sexlarimizni texnologik uskunalar bilan yangilash choralarini ko‘rmoqdamiz.
Viloyatda o‘tgan yili qurilish materiallari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan 160 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Ular orasida zarurat tug‘ilganda muqobil yoqilg‘i – toshko‘mirda ishlaydigan g‘isht ishlab chiqaruvchi mini-zavodlar, temir-beton buyumlari, shlakoblok, penablok, ohak-gips tayyorlaydigan korxonalar bor. Ana shu loyihalarga tadbirkorlar va tijorat banklarining qariyb 40 milliard so‘mlik mablag‘i sarflandi. Yana bir muhim jihati, mazkur sarmoya hisobiga 2,4 ming yangi ish o‘rni yaratildi.
Qurilish materiallari bozorining rivojlanishi viloyatda ko‘lami yildan-yilga kengayib borayotgan bunyodkorlik loyihalari, jumladan, qishloq joylarda zamonaviy uy-joylar barpo etayotgan pudrat tashkilotlari ehtiyojini qondirish imkonini bermoqda.
Viloyatda namunaviy loyihalar asosida 992 uy qurilishi olib borilmoqda. Ishonchli ta’minotchi sheriklarga tayangan va zamonaviy qurilish texnologiyasini qo‘llayotgan binokorlar yangi uylarni Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida foydalanishga topshirishni rejalashtirgan.