Ko‘chmas mulk obyektlari xatlovdan o‘tkazilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida jismoniy shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini xatlovdan o‘tkazish va belgilangan tartibda rasmiylashtirish hamda soliq idoralariga taqdim etishmasalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida jismoniy shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini xatlovdan o‘tkazish va belgilangan tartibda rasmiylashtirish hamda soliq idoralariga taqdim etishmasalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar o‘tkazildi.Unda tuman va shaharlar hokimlari, hokimliklar yuristlari, er resurslari va davlat kadastri bo‘limi hamda tegishli idoralar mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-yanvardagi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalar muhokama qilingan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida soha rivojiga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan 273 ming 395 turar joy hamda noturar joy obyektlari soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Ularni xatlovdan o‘tkazish ishlarini samarali olib borish maqsadida “Ermulkkadastr” davlat korxonasi mutaxassislari ishtirokida barcha tuman va shaharlarda ishchi guruhlari tuzilib, zarur shart-sharoitlar yaratildi. Ishchi guruhlar tarkibiga joylardagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idoralari va davlat soliq inspeksiyasi vakillari jalb etilgan.
Hududlarda jismoniy shaxslarga tegishli va foydalanishda bo‘lgan obyektlarni xatlov ishlari ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida yuritilayotgan xo‘jalik reyestr daftari hamda “Ermulkkadastr” davlat korxonasi arxivida turgan va shakllantirilgan ro‘yxat asosida solishtiruv orqali amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunga qadar 43 ming 510 ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazilib, 2 ming 677 tasining kadastr hujjati yaratildi, huquqiy holati yuzasidan 199 obyekt bo‘yicha shahar va tuman hokimlarining qarori qabul qilinib, belgilangan tartibda soliq idoralariga ma’lumotlar taqdim etildi. Joylarda yaratilgan ko‘chmas mulk obyektlari to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar bazasi mahalliy byudjetning soliq tushumlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Seminarda Prezidentimizning 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, milliy geografik ma’lumotlar bazasi va ko‘chmas mulklarning “Elektron hukumat” tizimi bilan integrallashgan ma’lumotlar bazasini shakllantirish bo‘yicha vazifalar ham belgilab olindi. Joylarda xatlovdan o‘tkazish ishlarini nihoyasiga yetkazish hamda huquqni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarning hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini tizimli amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi B.Yangiboyev so‘zga chiqdi.