Klaster muvaffaqiyati Prezident islohotlari tufaylidir (+video)
Qishloq xo‘jaligidagi muhim islohotlardan biri – paxta-to‘qimachilik klasteri tizimining tashkil etilishi bo‘ldi. Buni Andijon viloyatidagi “Xo‘jaobod Fayz-M teks” to‘qimachilik klasteri misolida ham ko‘rish mumkin. Mazkur klaster 2 ming aholini ish bilan ta’minlagan. Shu raqamning o‘zi uning salohiyatidan darak berib turibdi. Ular 4 ming gektar maydonda yuqori sifatli paxta yetishtirmoqda. Tola sifati masalasini yana tilga olamiz. Hozir esa hosildorilikdagi keskin o‘sishni ko‘ring.
– Klaster faoliyatini boshlaganda paxta hosildorligi 27 sentnerni tashkil qilar edi, – deydi ish boshqaruvchi To‘xtamurod Fozilov. –Qisqa vaqt ichida hosildorlik 10 sentnerga oshib 2023-yilda o‘rtacha 38 sentnerga yetdi. 2024-yilda esa 42 sentnerga yetkazishga harakat qilyapmiz.Klasterga davlat rahbari beshta talab qo‘ydi. Tola yetishtirish, uni yigiruv, to‘quv, tikuv va albatta qo‘shimcha qiymat yaratuvchi mahsulotni eksport qilish. Bularning barchasi “Xo‘jaobod Fayz-M teks”da mavjud.

Yigiruv korxonasida bir yilda qayta ishlangan 15,5 ming tonna paxtadan olingan tola eshimi baquvvat hamda eng nozik 20, 30 raqamli ipga aylanyapti. Korxonaga Yevropaning ilg‘or texnologik uskunalari qo‘yilgani ipning yanada sifatli chiqishiga olib kelmoqda.–Ikki yildan buyon shu yerda ishlayman. 1500 ta urchuqqa xizmat ko‘rsataman, - deydi operator Mohinur Qo‘chqorova. –Paxta tolasining sifati yildan yilga yaxshi bo‘lib boryapti. Natijada tolada uzilish kam. Biz to‘quv sexiga sifatli yigirilgan ip yetkazib bermoqdamiz.

Klasterning ishlab chiqarish majmuasi tarkibida yana to‘quv va tikuv korxonalari ham bor. Trikotaj matolar to‘qish uchun 40 dan ziyod zamonaviy dastgohlar qo‘yilgan. Ular ilm bilan boshqariladi.
Kompyuter topshirig‘iga ko‘ra iplar, mato rangi almashadi, matodagi tola zichligi o‘zgaradi. Ip tolasi mikroneyr ko‘rsatkichi yuqoriligi uchun uzilish deyarli ro‘y bermaydi. Shundan mato bejirim sifat kasb etadi.Shubhasiz, eng katta ish o‘rni tikuvchilik bo‘limida. Bu yerda ham yosh, ammo o‘z ishining ustalarini ko‘rasiz. Barcha jarayonda asosiy talab sifatga qaratilgan. Tikuvchilar garchi qo‘li-qo‘liga tegmasada, choklari tekis. Buning sababi borda. Har bir tayyor mahsulot ertaga xorijga, eksportga yo‘l olishi mumkin.

– 2023-yil yakuniga ko‘ra, 16 million dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsak, shu yilning birinchi choragida 3 million dollardan ortiq tayyor kiyim-kechakni eksport qildik, - deydi To‘xtamurod.Tikuv korxonasiga vodiyda ilk bor robot tikuv dastgohlari o‘rnatildi. Mana bu robot mato chetlarini o‘zi qaytaradi, tikadi, hatto qulf zanjirini ham o‘zi o‘rnatadi. Qarangki, bunday dastgohlarni kechagina maktabni tamomlagan, Xo‘jaobodning chet qishloqlaridan kelgan yosh qizlar boshqaryapti.

– Birinchi kelganimda oddiy mashinada ishlar edim, keyin malakam oshgach robotmashinaga o‘tdim, – deydi tikuvchi-operator Ziyoda Ismoilova. – Mana bu robotmashina ko‘ylaklarning cho‘ntagini o‘zi buklab, o‘zi tikadi. Men esa robotga topshiriq beraman, u esa mening kompyuter orqali boshqaruvimda ishni bajaradi. Qishlog‘imizdan 30dan ortiq ayol-qizlar shu yerda ishlamoqda. Klaster ishlab chiqarayotgan toza paxta ipidan bo‘lgan yozgi va qishki ko‘ylaklar, bejirim ust-boshlar, sport kiyimlari allaqachon Xo‘jaobod brendi bilan xorijda xaridorgir. Klaster tashkilotchilari buning sababini mamlakatimizdagi ulkan islohotlardan deb bilishmoqda.
– Bu darajaga yetib kelishimizga hurmatli yurtboshimiz olib borayotgan oqilona siyosatlari va tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Endi biz emin-erkin ishlab chiqarishni kengaytiryapmiz, - deydi ish boshqaruvchi. – Yana bir jihatini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu erkin konvertatsiyaning yo‘lga qo‘yilishidir. Masalan, biz 2013-yilda ishlab chiqarishni kengaytirib, jihoz olish uchun valyuta mablag‘iga bergan arizamiz yillar davomida hal etilmadi. Hozirgi kunda masalan, men o‘zim ish joyimda o‘tirib so‘mni valyutaga, kelib tushgan valyutani esa so‘mga aylantira olaman. Bu tadbirkorga yaratilgan eng katta sharoitdir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/nAhk9GURARs?si=I2tUsfYv8bNHaGQZ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA